|
|
ROST
maqomi.
|
|
Bu
maqom o`tmish musiqa risolalarida o`n ikki maqomlardan
biri sanalgan. Sharq musiqa nazariyasiga oid kitoblarda
Rostning eng qadimiy maqom ekani to`g`risida gapirilib
bu haqda afsona keltiriladi. Afsonaga ko`ra, "Rost"
Odam Atodan qolgan. Go`yo Odam Momo Havo bilan
jannatdan yerga quviladi. Xudo ularning birini
Mag`ribga, ikkinchisini Mashriqqa jo`natada. Odam
Ato Momo Havo ishqida sarson-sargardon bo`lib,
uni axtaradi. Go`yo Odam Atoning chekkan nolasi,
«ohu vohi» Rost maqomi pardalaridagi
kuydan iborat edi. Shuning uchun musiqa kitoblari
mualliflari Rost maqomini «Ummul-advor»
ya’ni maqom lad doiralarining onasi deb
hisoblaganlar. Mazkur afsonani keltirish bilan,
musiqa olimlari Rostni eng qadimiy va ilk maqom
yo`li ekanini isbotlamoqchi bo`lganlar.
"ROST"
iborasi esa "mos keladigan", "to`g`ri
tushadigan"-ma’nolarini bildiradi.
Musiqa risolalarida aytilishicha, bu maqomning
ladiga juda ko`p kuy va ashulalar mos kelgani
uchun "Rost"
deb nomlangan. Darhaqiqat, O`zbek va Tojik xalqlari
musiqasida hozirda ham bu maqom ladiga mos musiqa
asarlari son-sanoqsiz ."Rost" maqomining
asosiy yo`llari
boshlanadigan parda, ya’ni |
tonikasi "DO" tovushi bo`lib, O`n ikki
maqom tarkibida "Miksolidiy" ladiga
yaqin bo`lgan, Shashmaqomda esa, "Miksolidiy
va Ioniy" deyilgan lad qo`shilmasiga mos
keladi. Buning sababi bor albatta, chunki o`n
ikki
maqomdagi Rost va Ushshoq maqomlari Shashmaqomda
Rost maqomi shaklida birlashtirilgan edi. Mazkur
Miksolidiy va Ioniy pardalari bir-biriga birmuncha
yaqin bo`lib, ulardagi farq tovushqatorning yettinchi
pag`onasidadar.
Maqomlar
ijrosida yetakchi sozlardan hisoblangan Tanbur
torlari "Rost"' maqomida katta oktavaning
"Do-Sol" notalariga sozlanib, uning
I-II-IV-VI pog`onalari kuyning tayanch pardalaridir.
"Rost"
maqomi ham cholg`u va ashula bo`limlaridan iborat.
Dastlab uning cholg`u g`ismlari yaxlit holda birin-ketin
ijro etiladi. Bu cholg`u qismlari "Tasnifi
Rost", "Garduni Rost", «Muxammasi
Rost», «Muxammasi Ushshoq»,
«Muxammasi Panjgoh», «Saqili
Vazmin», «Saqili Rag-Rag»
deb nomlanadi.
Tasnifi
Rostda bu maqomning bosh mavzui bayon etilib,
kuy ohanglari jihatidan xalq kuylariga o`xshaydi.
Uning xonalari peshrav vositasi bilan harakat
qiladi va kichikroq hajmdagi bozgo`ylar bilan
yakunlanib boradi. Tasnifi Rost o`z tuzilishi
bilan "Usmoniya" kuyiga juda yaqin.
Uning peshrav ohanglari esa juda ko`pgina xalq
cholg`u kuylarida uchraydi.
Tasnifi
Rostning xonalari borgan sari yuqori pardalarga
ko`tarila borib, keyingi 6-7- xonalar hajmi juda
ham kengayib ketadi, Masalan, birinchi xona 16
takt bo`lgani holda, yettinchi xona 94 taktga
etadi. Xonalar kengayib borishi balan kuyning
mazmuni ham chuqurlasha boradi.
Rost
maqomining boshqa cholg`u yo`llaridan Garduni
Rost ohang e’tibori bilan Tasnifi Rostga
yaqin. Lekin, Muxammas va Saqillar ohadnglari
tubdan farq etadi. Muxammasi Rost bilan Muxammasi
Ushshoq yo`llari bir-biriga ohangdosh. Ular ikki
turli ladga moslab olingan bitta kuyning variantlaridir.
Muxammasi
Ushshoq esa, shinavandalarga juda ham yaqin kuy
bo`lib, Kishida chuqur ham nozik his-tuyg`ular
uyg`otadi. Ayniqsa Xorazm namunasi yengilroq,
sho`xroq uslubda ijro etilib, shodu-xurramlik,
xursandchilik kayfiyatini ham qo`zg`atadi.
Rost
maqomida uchta Muxammas yo`llari orasida Muxammasi
Panjgoh ajralib turadi. Uning kuy tuzilishi ham
o`ziga xos, boshqa muxammaslardan tubdan farq
etadi. Panjgoh iborasi O`n ikki maqom majmuasida
ma’lum sho`’baning ifodasi bo`lgan
va besh pog`onali tovushq`atorni anglatgan. Shuning
uchun uning lad asosi ham asl maqomdan farq etadi.
Rost
maqomida ikkita «Saqil» asari mavjud.
Ular Saqili Vazmin va Saqili Rag-Rag deyilib,
vazmin iborasi arabcha "Saqil" so`zining
o`zi, Rag-Rag esa hindcha maqom ma’nosini
bildiradi. Gardun, Muxammas, Saqil iboralari doira
usullari ifodasi ekani aytib o`tidgan edi. Bu
erda shuni aytish kerakki, noma’lum sabablarga
ko`ra Rost maqomida Tarje’ deyilgan cholg`u
qism uchramaydi. Rostning cholg`u yo`llari, kuy
mavzui o`ziga xos bo`lib, doira usullari boshqa
maqomlardagi kabidir. Ularning hammasi jozibali.
yoqimli ohanglarga boy. Rost maqomining cholg`u
yo`llari ijro etilib, ashula bo`limi yo`llariga
o`tiladi.
Rostning
ashula yo`llari ham kuy mavzusi jihatdan xilma-xildir.
Ular birinchi va ikkinchi guruh sho`’balardan
tarkib topgan. Birinchi guruh Saraxbori
Rost, Talqini Ushshoq, Nasri Ushshoq, Navro`zi
Sabo sho`’balari va Ufari
Ushshoq qismidan iborat. Bu sho`’balardan
ko`rinadiki, Rost maqomi asoso`y yo`llari uch
xil kuy mavzuidagi ashulalardan, ya’ni Rost,
Ushshoq va Nazro`zi Sabo ashula yo`llaridan iborat.
Rost maqomining birinchi guruh sho`’balari
turkumning bosh mavzui bo`lgan Saraxbori Rost
bilan boshlanadi. Undan so`ng uning to`rtta taronasi
o`qiladi. Rostning turkumi keyingi sho`’ba
bilan ulovchi vazifasini bajaruvchi suporish visitasi
bilan Talqini Ushshoq sho`’basiga ulanadi.
Talqini
Ushshoqdan keyin uning taronasi aytiladi. Bu tarona
aynan bir vaqtda suporish vazifasini o`taydi hamda
Nasri Ushshoq sho`’basiga ulanib ketadi.
Nasri Ushshoqning birinchi, ikkinchi taronalari
ijro etilib, suporish bilan Navro`zi Sabo sho`’basiga
o`tiladi. Uning ketidan Navro`zi Saboning talqinchasi
aytilib, Rostning birinchi guruh sho`’balari
turkumi Ufari Ushshoq va oxirgi suporish bilan
yakunlanadi.
Rost
maqomi ashula bo`limining bosh mavzui bo`lgan
Saraxbori Rost o`zining kuy tuzilishi
jihatdan betakror ashula yo`llaridan bo`lib, juda
murakkab qiyofaga ega. Saraxbori Rost cholg`u
muqaddima va daromad qismi bilan boshlanadi. So`ngra
she’r matnsiz ijro etiladigan ohanglar orqali
o`rta pardalarda ijro etaladigan miyonxat qismiga
o`tiladi. Miyonxat qismi ham she’riy matnsiz
aytiladigan ohanglar bilan tonikaga qaytib tushadi.
Saraxbori Rostning takt o`lchovi sodda, ikki chorak
bo`lib
"Muzorei musammani axrobi makrufi mahzuf"
deyilgan vazndagi she’rlar bilan ijro etiladi,
ya’ni Munisning:
Qaddi
ko`zim qaro meni g`am tiyra hol etib,
Xurshiddek
yorug` ani arzi jamol etib –
kabi she’rlar mos keladi. Saraxbori Rostning
avj qismida Segoh, Ushshoq, Uzzol va Muxayyari
Chorgoh namudlari birin-ketin ijro etiladi. Bu
namudlar bir-biriga ohanglar vositasi bilan ulanadi.
Ashula yo`li esa, tushirim qismi "furovard"
bilan yakunlanadi. Saraxbori Rostning murakkab
kuy tuzilishining to`liq anglashda mazkur namudlarni
ajrata bilish asosiy omillardandir.
Saraxbori
Rostning murakkab kuy qiyofasi tinglovchiga oson
yetib boradi, kishida yuksak lirik kayfiyatlar
uyg`otadi, ajoyib manzaralarni tasvirlab, voqelikni
musiqiy badiiy vositalari bilan tushuntiradi.
Namud, avjlari esa kuy mazmunining rang-barang
bo`lishini ta’minlaydi va uning rivojlanishida
muhim ahamiyat kasb etadi.
Saraxbori
Rostni tinglash jarayonida kishi hissiyotida jiddiy
holat yuzaga keladi. Bunday holat esa, tarona
qismlariga o`tilishi bilan yengillashadi va kishida
yangi his tuyg`ular hosil bo`ladi. Taronalar ham
maqom turkumlaridagi kuy mavzuining rang-barang
bo`lishini ta’minlaydi, Saraxbori Rostning
birinchi taronasi o`n olti taktli murakkab doira
usuli jo`rligada ijro etilishiga qaramay, yengil
va xushchaqchaq kayfiyat uyg`otadi. Kuy harakatida
ohanglar esa ravon yangraydi. Bu sho`’baning
boshqa uchta taronasi yanada sho`xchang va jozibali.
Rost
maqomining ikkinchi sho`’basi "Talqini
Ushshoq" deb nomlanadi. Shuni
aytish kerakki, Rost maqomida Ushshoq nomi bilan
mashhur bir necha sho`’ba va qismlar mavjud.
Uning birinchi guruh sho`’balarida yana
Nasri Ushshoq va Ufari Ushshoq deyiladigan ashula
yo`llari mavjud. Ularning hammasi bir-biri bilan
hamohang, kuy tuzilishi va tarkibiy qismlari ham
bir xil. Talqini Ushshoq, Nasri Ushshoq va Ufari
Ushshoq ma’lum ashula yo`lining Talqin,
Nasr va Ufar doira usullarida ijro etiladigan
variantlaridir. Lekin, ularga o`qiladigan she’r
o`lchovlari turlicha bo`ladi.
«Ushshoq»
iborasi arabcha "Oshiq" so`zining ko`pligi
bo`lib Oshiqlar degan ma’noni anglatadi.
Hech shubha yo`qki, Ushshoq cholg`uva ashula yo`llari,
ularga aytiladigan she’rlar ham ishqiy lirik
xarakterda bo`lgan. Ushshoq sho`’balari
va uning Ufar qismi kuy tuzilishini tasavvur etish
uchun ulardan bittasini qarab chiqilsa kifoya.
Masalan,
Nasri Ushshoqni olib qaraymiz. Bu ashula yo`li
6/4 takt o`lchovidagi doira usuli jo`rligida ijro
etilib,
"Hazaji musammani solim"-deyilgan
vazndagi she’r o`lchovida ijro etiladi.
Nasri Ushshoq Nodiraning:
Agar
gulshang`a kirsa sarv gulro`yim xirom aylab
Yugurgay
sarvu gul yuz marhabo birla salom aylab –
deb boshlanadigan g`azali o`lchovida aytiladi.
Nasri
Ushshoqning daromad qismi ikki bayt she’r
bilan aytiladi, ya’ni bir xat (bir bayt)
she’rga mos ashula jumlasidir. Nasri Ushshoqning
avj qismida uchta: Ushshoq, Uzzol va Muxayyari
Chorgoh namudlari mavjud. Bulardan Ushshoq va
Uzzol namudlari qisqa berilgan bo`lib, bu namudlar
Muxayyari Chorgohga o`tishda o`zaro ulovchi vazifasini
o`taydi. Ashula yo`li tushurim qismi bilan tugallanadi.
Nasri
Ushshoqdan keyin uning ikkita taronasi ijro etiladi.
Bu taronalar kichik hajmdagi jozibali va yoqimli
yengil ashula yo`llari bo`lib, oddiy xalq qo`shiqdariga
yaqidir. Nasri Ushshoqning birinchi taronasi Xorazmda
mashhur bo`lgan "Hanuz" ashulasining
o`zidir. Xorazm maqomlari tarkibida esa «Naqshi
Rost» deb nomlanadi.
Rost
maqomining yana bitta sho`’basi "Navro`zi
Sabo" ashulasidir, O`tmish
musiqa risolalarida Navro`z bayramiga atalgan
va navro`z so`zi qo`shilib nomlanadigan bir necha
maqom sho`’balari mavjud edi.
Ular
Navro`zi Arab, Navro`zi Xoro, Navro`zi Bayotiy,
Navro`zi Ajam, Navro`zi Sabo kabi atalardi va
Navro`z bayramiga nisbat berilardi. Navro`zi Sabo
esa, shunday sho`’balardan biri sifatida
bahor manzaralarini tasvirlaydigan Rohaviy maqomining
sho`’basi sanalgan. Shashmaqomda esa, Rost
maqomi tarkibiga kiritilgan. Shu sababli, Navro`zi
Saboning kuy mavzui, kuy qismlari Rost maqomining
boshqa sho`’balari matnlaridan butunlay
farq etadi. Hatto bunda Rost maqomiga xos bo`lmagan
Navo va Oraz namudlaridan foydalanilganligi fikrimiz
dalili bo`la oladi. Navro`zi Saboning ta’sir
etish kuchi ham o`ziga xos.
Navro`zi
Sabo juda murakkab tuzilgan bo`lib, uning bir
bayt she’r bilan aytiladigan xatlari, mazkur
ashula yo`lining quyidagi qismlarni tashkil etadi:
I-xat
- daromad; II-III xatlar – o`rta pardalarda
ijro etiladigan Miyonxat; IV xat - daromadning
yuqori pardalardagi takrori bo`lmish Dunasr; V-VI
xatlar - Segoh namudi; VII xat Navo namudi; VIII
xat Oraz namudidan iborat. Ashula yo`li tushirim
qismi Furovard bilan tugallanadi.
Navro`zi
Sabo ayniqsa mashhur maqomdon ustoz Domla
Halim Ibodov ijrosida maroqli chiqardi. Domla
Halim Segoh namudi avjini juda ham kengaytirilgan
shaklda aytardi. Bu ashula yo`lidan Yunus Rajabiy
"Farhod va Shirin" musiqali dramasida
Shopur ariyasi sifatida foydalanilgan bo`lib,
Shopurning Farhodga sadoqati, ulardagi chuqur
samimiy do`stlik tuyg`ularini to`laqonli ifodalay
olgan edi.
Navro`zi Sabodan keyin uning talqinchasi ijro
etiladi. Shuni ham aytish kerakki, birinchi guruh
sho`’balari tarkibida Talqincha deyilga
shaxobchalar bo`lmaydi, balki talqinchalar ikkinchi
guruh sho`’balariga xosdir. Navro`zi Sabo
sho`’basi esa, bundan mustasnodir. Navro`zi
Sabo talqinchasining kuy tuzilishi asosiy sho`’baning
yo`lidan farq etadi. Uning kichik bo`laklari ham
butunlay boshqa, katta avj sifatida «Zebo
pari» avji keladi.
Navro`zi
Sabo talqinchasi ham asosiy sho`’ba yo`li
kabi kuy ohanglarga boy, ajoyib ashula yo`llaridandir.
Navro`zi Sabo asosida juda ko`p kuy va ashulalar
yaratilgan. Jumladan, uning Talqinchasi ohanglari
asosida To`xtasin Jalilov "Tohir va Zuhra"
operasi uchun "Ishq seli" - deb boshlanadigan
ariya, Komiljon Jabborov esa "Layli va Majnun"
musiqali dramasida qaxramonlarning «Mubtalo
bo`ldim senga» deb boshlanadigan duetni
yaratgan edilar.
Umuman
Rostning birinchi guruh sho`’balari juda
ham mashhur ashula yo`llaridir. Ular asosida O`rta
Osiyoning turli vohalarida Savtlar, ularning shaxobchalari,
Ushshoqning to`rtta varianti, Gulyori Shahnoz
va uning shaxobchalari, surnayda chalinadigan
qator musiqa asarlari yuzaga kelgan edi. Bu sho`’ba
va ashula yo`llarining ko`pi ikkinchi guruh sho`’balari
jumlasiga kiritilgan.
Shunday
qilib, Rost maqomining birinchi guruh sho`’balari
Saraxbori Rostdan boshlanib, uning to`rtta taronasi
aytiladi. Turkum esa Talqini Ushshoqqa ulanib
ketadi. Uning taronasi ijrosidan so`ng Nasri Ushshoq
ijro etiladi. So`ngra uning ikkita taronasi o`qilib,
Navro`zi Sabo va uning talqinchasiga o`tiladi.
Birinchi guruh sho`’balari Ufari Ushshoq
va oxirgi Suporishi bilan yakunlanadi.
Rost
maqomi ikkinchi guruh sho`’balariga Savti
Ushshoq, Savti Kalon, Savti Sabo
kiradi va Rostning birinchi guruh sho`’balari
asosida yaratilgan, ularning variantlaridir. "Rost"
maqomi ikkinchi guruh sho`’balari Savt yo`llaridangina
iborat bo`lib, ularda Mo`g`ulcha uchramaydi. Savtlar
"Talqin" va "Nasr" sho`’balariga
nazira qilinib ishlangan ashula yo`llari ekani
to`g`risida aytib o`tilgan edi. Lekin Savti Ushshoq
bu o`rinda mustasnodir. Hatto uning lad qiyofsi,
kuy tuzilishi ham birinchi guruhdagi Ushshoq sho`’balaridan
farq etadi. Masalan, Nasri Ushshoq bilan Talqini
Ushshoq ioniy ladiga mos kelgan holda, Savti Ushshoq
tovushqatori frigiy ladiga to`g`ri keladi. Tonika
"Rost" maqomida birinchi oktavaning
"Do" notasi bo`lib, Savti Ushshoqda
"Mi" yoki "Si" pardasiga to`g`ri
keladi. Maqomlar ijrosida tanburning mazkur pardalari
Savti Ushshoq ijrosi uchun qulay bo`lib, tonika
"Si" notasi bo`lgach "Fa"
notasi oldiga diyez qo`yish bilan tovushqator
jo`nlashtiriladi.
Savti
Ushshoqning hamma shoxobchalari ham jozibali va
dilrabo ashula yo`llaridandir. Ular turlicha doira
usullariga tushirilganda yangicha sayqal topadi,
kuy mavzui o`zgacha gavdalanadi. Ayniqsa, Qashqarchai
Savti Ushshoq yorqin ifoda vositalariga boy, ta’sirchan,
maftunkor ashula yo`llaridandir.
Savti
Ushshoqning Soqiynomasi boshlanishi Buxoro Iroqining
Soqiynomasini eslatadi. Lekin uning o`rta parda
va avj qismidagi ashula jumlalari Savti Ushshoqqa
xos yangraydi. Savti Ushshoq ufarisi «Farg`onacha»
xotin-qizlar qo`shig`ining o`zi. Ulardagi tafovut
shuki, Ushshoq ufaridagi avjlar farg`onachada
tushirib qoldirilgan.
Savti
Ushshoqning kuy ohanglari, lad asosiga mos juda
ko`p xalq kuy va ashulalari mavjud. Xalqimiz orasida
mashhur "Guluzorim", "Fargonacha
tanovar", "Tong otguncha", Xorazm
dostonlarida aytiladigan "Naylayin"
ashulasi, "Izlayman" va boshqa farg`onacha
qo`shiq va yallalar fikrimizning dalilidir.
Kompozitor
va bastakorlarimiz ijodiga ham Savti Ushshoq yo`llari
o`zining barakali ta’sirini ko`rsatgan.
Muxtor Ashrafiyning "Dilorom" operasidagi
Dilorom ariyasi, Doni Zokirovning Navoiy g`azaliga
bastalagan "Ko`rmadim" romansi, Dadaali
Soatqulovning Muqimiy g`azaliga yozgan "Navbahor"
romansi, To`xtasin Jalilov bastalagan bir necha
ashula yo`llari, G`anijon Toshmatovning "Istadim"
kabi kishida ajoyib kayfiyatlar qo`zg`otuvchi
musiqa asarlari Savti Ushshoqqa hamohangdir.
"Rost"
maqomining ikkinchi guruhiga kirgan sho`’balardan
biri "Savti
Sabo"dir. Savti Saboning
lad asosi "Rost" maqomining asosiy tovushqatoriga
mos keladi. Savti Sabo Rostning birinchi guruh
sho`’balaridan Navro`zi Sabo asosida yuzaga
kelgan. Ularning orasida ba’zi tafovutlar
bo`lishi tabiiy bir holdir. Chunki «Savti
Sabo» "Navro`zi Saboga" taqlid
qilinib ishlangan va qisqartirib olingan. Savti
Saboda Navro`zi Sabodagi kuyning pag`onama-pag`ona
silliq harakati sakrama harakatga almashingan.
Ularning dastlabki 3 xati ohanglari deyarli bir
xil bo`lib, Savti Saboda Navro`zi Sabodagi "Segoh",
"Navo" hamda "Oraz" namudlari
o`rniga "Zebo pari" avjidan mohirona
foydalanilgan. Savti Sabo va uning Talqincha,
Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar deyilgan shoxobchalarida
bir xil kuy qismlari mavjud, ya’ni birinchi
xat ikki marta takrorlanadigan daromad qismi,
ikkinchi xat O`rta pardalarda aytiladigan Miyonxat,
uchinchi va to`rtinchi xatlar Zebo pari avji va
oxirgi xat tushirim qismlaridan tashkil topgan,
Savti Sabo yo`llari ular asosida yuzaga kelgan
ashula yo`llari orqali ham mashhur bo`lgan.
"Rost"
maqomi ikkinchi guruh sho`’balaridan yana
biri "Savti
Kalon" deyiladi. Bu yerda
Kalon so`zi bastakor taxallusidir. Savti Kalon
ham besh qismli ashula yo`li bo`lib uning shoxobchalari
Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufardir. Savti
Kalonning namunalari O`zbekiston va Tojikistonning
turli vohalarida keng tarqalgan bo`lib, ular asosaida
juda ko`p kuy va ashulalar yaratilgan, chunki
Savti Kalonnning tuzilishi, kuy ohanglari xalq
musiqa asarlari zaminidadir. Ular asosida yaratilgan
Qalandar I-II, uning variantlari "Kim desun",
«Raqqosasidan», "Farhod va Shirin"
musiqali drammsidagi Shirin ariyasi kabi ashula
yo`llari xalqimizning sevimli musiqa asarlari
bo`lib kelgan.
Savti
Kalon va uning shoxobchalarining kuy tuzilishi,
kuy harakati va tarkibiy qismlari bir xil. Savti
Kalonning ikki xati - ikkita turli uslubda aytiladigan
Daromad qismi, Uchinchi xat – o`rta pardalarda
ijro etiladigan Miyonxat, to`rtinchi, beshinchi
xatlar – Zebo pari avji, oltinchi xat esa,
tushirim qismlaridan iborat.
Savti
Kalon sho`’basini tinglar ekanmiz, kishida
qandaydir umid va orzuga erishish hissiyotlari
aks etadi, insonga xushchaqchaq, kayfiyatlar baxsh
etadi. Uning bosh yo`li Talqincha va Qashqarchasi
tinglanganda, bu ashula kuyi kishini go`yo maqsadga
qarab talpingandek tuyuladi. Soqiynoma va Ufari
eshitilganda, beixtiyor shodu xurramlik boshlanadi,
ro`qsga taklif etilganday seziladi.
Umuman
Rost maqomi yo`llariga mos kuy va ashulalar xalqimiz
musiqa merosida munosib o`rin egallaydi. Bunday
asar musiqa boyliklarimiz oltin javonidan salmoqli
joy oladi.
|
|
|