O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

 
Soibjon Begmatov                                Navoiy va musiqa.
san'atshunoslik fanlari nomzodi,
O`zbekiston Davlat Konservatoriyasi dotsenti

        So`z mulkining zarshunos xazini bo`lgan, she’riy nutq go`zalligini namoyon etgan, o`zbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiy musiqa san’ati sirlarini ham teran idrok eta olganligi uning adabiy merosida o`z ifodasini topgan. Navoiy g`azaliyotiga nazar solar ekanmiz uning musiqiy iboralarni zargarona talqin etganiga guvoh bo`lamiz.
        Navoiy g`azaliyotida musiqa san’ati ijodiyotining bastakorlik, mumtoz ijrochilik va nazariy tarmoqlari falsafiy ma’noda o`z ifodasini topgan. Va ko`p hollarda bastakorlikni nag`masoz; mumtoz musiqa namunalaridan Ushshoq, Navo; xalqona asarlardan – tarona; cholg`ulardan – chang; ijrochilardan – mug`anniylarni serqirra ma’nolarda bayon etganini ko`ramiz. Lekin, musiqa san’tini nihoyatda ko`pqirrali iboralarga boyligi va har bir ibora bir necha ma’nolarni anglatishini Navoiy alohida g`azallarida mohirona talqin etadi. Va o`zining musiqa ilmida ham mukammal bilim egasi ekanligini ko`rsatadi.
        Navoiy asarlarida bastakorlik bilan birga navosoz, nag`masoz, nag`mapardoz, naqshpardoz; musiqiy janrlarni – soz, ovoz, navo, qo`shiq, un, nag`ma, shahnoz, surud, bayot, ohang, o`lan, arg`ushtak, savt, lahn; mumtoz namunalardan Ushshoq, Navo, Rost, Isfahon, Iroq, Hijoz, Buzruk; ijrolchilarni – mug`anniy, mutrib, sozanda, xonanda,, navozanda, xushnag`ma, nag`masaro, nag`makash, ilhomsaro, navokash, navha og`oz; cholg`ulardan – tanbur, ud, arg`anun, qonun, nuzha, naqqora, qovurg`a, chag`ona, sur, setor, surnay kabi ko`hna sozlar nomini musiqa san’atini siru-sinoatlari, xususiyatlari va eng muhimi ularning qudratini talqin etishda qo`llaydi. Bu, albatta, Navoiyning qanchalar so`zga boyligini va musiqiy iboralarga mutafakkirona munosabatda bo`lganligidan dalolat beradi. Jumladan:

 

Ey mug`anniy, chun nihon rozim bilursen-soz tuz,
Tortibon munglig` navo sozing bila, ovoz tuz.

Navha ohangi tuzub, og`oz qil mahzun surud,
Ul surud ichra hazin ko`nglumga maxfiy roz tuz.

Tuzma og`oz aylabon Farhodu Majnun qissasin,
Desang el kuysun, mening dardim qilib og`oz tuz.

Istasangkim, nag`mang ichra ko`p xoloyiq o`lmagay,
Ul ikavdin ko`p, vale mendin tarona oz tuz.

Gar mening holim desang tuz barcha dostoni niyoz,
Dilbarimdin nag`masoz etsang, surudi noz tuz.

Chun bu gulshanda nishiman qilg`ali qo`ymas xazon,
Gul firoqi savtin, ey bulbul, qilib parvoz tuz.

Bazm aro o`rtar Navoiyni nihon munglug` surud,
Ey mug`anniy, chun nihon rozim bilursen-soz tuz.

g`azalida Navoiy mug`anniy, soz, navo, ovoz, navha, og`oz, surud, nag`ma, tarona, nag`masoz, surudi noz, savt kabi musiqiy atamalarni mohirona qo`llagani va ular nafaaqat musiqiy ma’no, balki negizida muayyan holatni ifodalovchi badiiy, falsafiy mazmun doirasidagi murojaat g`oyalari mujassam topganini ko`ramiz.
Odatda, Navoiy ko`pgina g`azallarining maqta’sini musiqaviy kayfiyatda yakunlaydi. Bunday holatni biz nafaqat mashhur dostonlarida hattoki, g`azallarida ham mujassam etilganiga guvoh bo`lamiz. Masalan:

Ey Navoiy, gar lisoni hol eshitmaysan, eshit-
Kim, ajab holat bizing sozanda mizrobinda bor.

Yoki. Ey mug`anniy, tut «Iroq» ohangiyu ko`rguz «hijoz»,
Kim, Navoiy xotiri bo`lmish Xurosondan malul.

Yoki. Chekmading lahni Navoiy ko`nglin istab, ayb etmas,
Anglab o`zingni navo ahlig`a shahnoz aylasang.

         Bunday hollarni turlicha izoh etish mumkin. Lekin Navoiy ayrim hollarda o`z tuyg`ularini navo orqali talqin etishga undashini, musiqa bu sohada so`zga nisbatan imkoniyatlarga boy ekanligini tasdiqlamoqchi ekanligini anglab olish mushkul emas.
        Navoiyning aynan musiqa ijrosiga daxldor bo`lgani, xususan uning tanbur chertganligi, ud chalganligi, kuylar bitib savt bog`laganligi maba’larda tilga olinadi. Vaholanki, Navoiyning g`azallaridan birida ham bunga ishora bor:

Xush ulki, bazmda oylar teparda arg`ushtak,
Shoh anda tanbura chalib, Navoiy desa qo`shiq.

        Navoiyning ijodiga murojaat etar ekanmiz, darhaqiqat, uning musiqa san’atiga ixlosi cheksizligi va musiqa ilmidan boxabar ekanligini ko`ramiz. Uning benazir ijodiy merosi bo`lgan ulkan badiiy ummon, har bir zamondoshimizning ma’naviy kamolotida ahamiyatli bo`lishi muqarrardir


© Husniddin ATO,2003-2008