O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

 
Oqilxon Ibrohimov                                         Maqomlar tarixiga doir
San'atshunoslik fanlari doktori, professor

 

        Maqom nima? Salobatli maqom turkumlarida qanday g`oya yoki ta`limotlar ifoda etilgan? Nima sababdan maqom san`ati ko`p asrlardan buyon o`z mohiyati, demakki, badiiy qiymatini yo`qotmasdan kelmoqda? Bu kabi savollar aslida tubdan serqirra va bir-biriga tutash madaniy-tarixiy-nazariy masalalar bilan uzviy bog`lanib ketganki, natijada ularga bir yo`la yoki shu damdayoq bir jihatli javob berish mushkuldir. Shu bois qayd etilgan savollarimizga bu san`at salsalalaridan javob axtarish maqsadga muvofiq ko`rinadi. Zotan “har qanday musiqiy madaniyatni nafaqat moddiy-akustik fenomen tarzida, balki eng avvalo ijtimoiy- tarixiy hodisa sifatida tushunmoq zarur”.
         Maqomlar tarixini o`zaro farqli ikki yirik davrga ajratish mumkin. Birinchi davr mazmunini maqomlarning makon-zamon nuqtai nazaridan juda qadimiy kelib chiqish ildizlari, dastlabki kuy ohang qatlamlarini o`rganish tashkil etadi. Tabiiyki, bu davrda hozirda bizga ma`lum tom ma`nodagi maqomlar bo`lmagan albatta. Zotan bizgacha yetib kelgan maqomot tizimlarining shakllanish jarayonlari ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning ma`lum bosqichi bilan shartlanganki, bu (ikkinchi davr) xususida o`z o`rnida mufassalroq to`xtamga o`tamiz.
         Ta`kid joizki, maqom kuy ohanglarini qadimiy qatlamlarini o`rganishga ko`mak bo`luvchi maxsus musiqiy risolalar bo`lmasa-da, ammo bu borada eng asosiy va muhim manbaalar bizning davrga qadar yetib kelgan. U ham bo`lsa ajdodlarimizdan ulkan ma`naviy meros qolgan “Shashmaqom”, “Xotazm maqomlari” va “Farg`ona-Toshkent maqom yo`llari”dir. Maqom kuylarining xususiy “til” tuzilish (sintaksis) qurulmalarini malakali idrok va tahlil eta olish asosida ular tarkibida uyg`unlashgan turli davr musiqiy qatlamlarini aniqlab olish imkoniyati mavjud. Ayni paytda bizga ma`lum rivoyatlar mazmunidan ham zarur xulosalar chiqarish mumkin.
         Shu asnoda O`zbekistonda mavjud maqomlar (Shashmaqom, Xotazm maqomlari, Farg`ona-Toshkent maqom yo`llari) musiqasiga nazar tashlar ekanmiz, uning har biri o`zgacha tarovatli kuy-navolari negizida eng mukammal darajada uyushgan parda (tovush) tizilmalari borligi e`tiborimizni o`ziga jalb qiladi. 7 ta asosiy pardalari o`zaro uyg`un, ohangdosh tovushlar nisbatiga qurilgan bu nag`amot uyushmalari kim tomonidan va qachon ijod etilgan? Bu borada yuritilgan mantiqiy fikr-mulohazalar asosida ularning shakllanish vaqtini keyingi davrlarga, ya`ni musiqa san`ati taraqqiy ergan asrlarga taaluqli deb o`ylash mumkin. Biroq jahon musiqa tarixi bunday xulosani inkor etadi. Chunki, maqom pardalariga o`xshash yeri asosiy pog`onali (pardali) tovush tizilmalari Sharqu-G`arb musiqa madaniyatiga juda qadim zamonlardan ma`lumdir. Xususan, qadimgi yunonlar bu kabi parda uyushmalarining bir necha turlarini bilibgina qolmay, balki ularning inson tarbiyasida alohida muhim o`rni borligini ham ta`kidlaganlar. Donishmand Fisog`urs (Pifagor) esa mukammal pardalarning inson ruhiga favqulodda ta`siri sabablarini ilmiy bilish maqsadida ularni matematik usullar bilan o`rganib chiqgan (bu usullar keyinchalik o`rta asr Sharq musiqashunos olimlari tomonidan ham qo`llangan). Pirovardida ularning tarkibida yetarli me`yerda uyg`un (ohangdosh) tovushlar nisbati (oktava, kvinta, kvarta) borligini hamda ularning sonlardagi ifodasi dastlabgi to`rtb raqamga muvofiq kelishini (oktava-2:1; kvinta-3:2; kvarta-4:3) aniqlangan.
        Demak, mukammal uyushgan parda tizilmalari dastlab ilmiy-nazariy asosda ham ijod etilmagan, balki ularda mavjud go`zal ohang uyg`unliklari ilmiy asosda kashf etilgan edi.
        Olimlar orasida mavjud qarashlarga ko`ra maqomlarning eng qadimiy namunalari payg`ambarlardan meros qolgan. Xususan, XVI asr ikkinchi yarmi – XVII asr birinchi choragida yashab ijod etgan vatandoshimiz, mashhur musiqachi va olim Darvish Ali Changiyning “Tuhfatus-surur” nomli risolasida xabar berishicha, avvaliga yetti payg`ambar nomlari bilan bog`liq yettita maqom bo`lgan. Bunda “Rost”maqomi – Odam alayhissalomdan, “Ushshoq” – Nuh alayhissalomdan, “Navo” – Dovud alayhissalimdan, “Hijoz” – Ayub alayhissalomdan, “Husayniy” – Yoqub alayhissalomdan va “Rahoviy” – Muhammad sallallohu alayhi vassalamdan meros qolganligi haqqidagi rivoyatlar bayon etiladi. Muallif bu axborotni yetkazishda Xo`ja Abdulqodir ibn Marog`iy, xo`ja Safiuddin ibn Abdulmo`min, Sulton Uvays Jaloir kabi juda obro`li ustozlar fikriga tayanganligini ham ma`lum qiladi.
        Shuni aytish kerakki maqomlar musiqasiga oid “maqom” atamasidan avval “yo`l” ma`nosini anglatuvchi “roh”, “tariqa”, “ravish” kabi atamalar qo`llanib kelganligini Darvish Ali Changiy bayon etgan ma`lumotlarni quvvatlashga xizmat qilishi mumkin. Olloh taolloning yer yuzidagi elchilari bo`lgan payg`ambarlarning insonlarga chinakam baxt-saodatga erishish yo`llarini ko`rsatganlar. Ulardan qolgan ma`naviy ta`limot namunalari jamoa-qavmlar orasida alohida e`zozlanib, avloddan-avlodga go`zal ruhiy meros sifatida o`tib kelgan. Inson tinglovi va idroki uchun eng ma`qul va manzur bo`lgan mukammal pardalar ham dastlab shu meros negizida (yoki uni nazariy jihatdan o`rganish asnosida) hosil etilib, so`ngra shu (parda) “yo`llar” asosida turli kuylar rivojlantirilgan (yoki kuylarning yangi namunalari ijod etilgan) bo`lsa kerak.
        Shu nday qilib, qadimgi dunyodan meros kelayotgan mukammal parda uyushmalari keyinchalik maqom tizimlari yuzaga kelishida, shuningdek, bastakorlar-u, xalq musiqa ijodiyoti rivojida ham muhim poydevor yanglig` ahamiyat kasb etgan.
        Maqomlarda mavjud yana bir musiqiy qatlamni xalq og`zaki musiqa ijodiyotining ko`hna namunalari tashkil etadi. Hayratlanarli tomoni shundaki, maqomlarda xalq musiqasining hatto eng qadimiy namunalariga oid “izlari” ham saqlangan. Xususan bu izlarni bizgacha yetib kelgan Navro`zi Ajam, Navro`zi Xoro, Navro`zi Sabo nomli maqom asarlarida ko`ramiz. Shundayki, bu asarlarning kuy negizlarida mutaxassis olimlar tomonidan “xalq kuyining eng qadimiy namunasi” (“birlamchi chiziq” –G. Shenker) tarzida tasnif etilgan quyi oqim kuy ohanglari yaqqol namoyon bo`ladi. Bu hol bejiz emas, albatta. Ma`lumki, ko`pgina Sharq xalqlari uzoq o`tmishdan buyon Navro`z bayramini keng nishonlab, shu munosabat bilan ma`lum kuy va ashilalarni ijro etib kelganlar. O`ziga xos mavsumiy marosim musiqasi sifatida xalq an`anaviy hayotidan muqim o`rin olgan bu toifa kuylar keyinchalik maqom tizimlariga kiritilib, o`zining yuksak rivojlangan ko`rinishlarga ega bo`lganligi haqiqatga yaqin bo`lsa kerak.
        Maqom manbalari qatorida “goh” (ya`ni Dugoh, Segoh, Chorgoh, Panjgoh shaklidagi) kuy tizilmalari ham e`tiborga molikdir. Aksariyat olimlar bu toifa kuylar negizi qadimiy kitoblarni ma`lum ohanglarda o`qish an`anasiga dahldorligini, shu jumladan “Avesto” dagi “got” madhiyalariga borib taqalishini faraz qiladilar. Bu o`rinda Avestodagi “Gatheha” so`zi keyinchalik daroy (forsiy) tiliga “Gah” shaklida o`tganligi va yana qator holatalar inobatga olinadi. Bizga ma`lum “goh” kuylarining tahlili esa bu namunalarning ildizlari faraz etilayotgan davralardan-da qadimiyroq ekanligini ko`rsatadi. Xususan, Farg`ona-Toshkent maqomlaridagi Dugoh-Husayniy I kuyi negizida ikki tayanch pardali ohang tizilmasi, Segoh cholg`u kuyida, shuningdek, Shashmaqomning Tasnifi Segoh, Xorazm Segoh maqomining Tani maqom qisimlarida esa uch tayanch pardali ohang tizilmalari borligi ayon bo`ladi. Etnomusiqashunos olimlarning qo`lga kiritgan so`nggi yutuqlaridan ma`lumki, bu kabi tayanch tovushli kuy namunalari xalq musiqiy tafakkurining dastlabgi kurtaklaridir.
        Albatta, maqomlarda qadimiylikka mansub qanchadan-qancha musiqiy yodgorliklarning o`rni topilmasin, biroq ularni asl holiday qayta “jonlanadi”, sadolanadi deb bo`lmaydi. Zero maqomlarda “saqlangan” musiqiy yodgorliklar, garchand ularning muhim izlari saqlanib qolgan bo`lsa-da, o`zlarining yuksak rivojlangan holatlarida namoyon bo`ladi.
        Demak, maqomlarning eng qadimiy tarixi aslida tom ma`nodagi maqomlar tarixi bo`lmay, balki ko`proq ularning kelib chiqish manbalari bo`lgan ko`hna davr musiqa kuy qatlamlariga dahldordir. Xuddi ana shu turli musiqa namunalari (demakki, turli uslubli kuy shakllari) asosida usluban badiiy yaxlit maqom tizimlarining shakllanish davrlaridan e`tiboran bevosita mumtoz maqomlar tarixi ham boshlanadi.
         Dastlabgi maqom tizimlari qachon va qanday shaklda bo`lganligi xususida aniq ma`lumotlarga ega emasmiz. Bu borada Sosoniylar saroyida (shoh Xosrav Parviz davroda – 590-628yil) xizmat qilgan mashhur musiqachi – Borbad (vaf.627y.) ijodiy merosi, xususan unga nisbat beriladigan “7 Husravoniy”tizimi diqqatni o`ziga jalb etadi. Musiqashunos olimlar “7 Husravoniy” tizimi keyonchalik maqomot tizimlari yuzaga kelishida asos bo`lganligi yoki har holda bu tizimning maqomlar shakllanishiga ma`lum ta`siri haqida taxminlarga boradilar. Ammo bu masalada hali bir to`xtamga erishilmaganligini ham qayd etish kerak. Mutaxasislar salobatli maqom tizimlarining yuzaga kelishi kasbiy musiqa qatlami (ijodkorlik, ijrochilik) taraqqiyotining ma`lum tarixiy bosqichi, shuningdek, rivojlangan musiqa ilmi, falsafa va matematika fanlarining mavjudligi, qolaversa buning uchun zarur shahar madaniy muhiti kabi omillar bilan shartlanganligini alohida ta`kidlaydilar. Xususan, atoqli musiqashunos olim, san`atshunoslik fanlari doktori Ishoq Rajabovning bu boradagi malakali ko`rsatmalari e`tiborlidir: “Maqomlar insonning musiqa haqidagi tushunchalari, musiqaviy-estetik qarashlari barkamol bo`lgan, kishilarning ongi va saviyasi yuksalgan bir davrda yuzaga kelgan… Maqomlar tizimining shakllanishi jahon ilmu fanining rivojlanishi bilan ham chambarchas bog`liqdir. Sharq musiqa olimlari musiqani tibbiyot, falsafa va matematika fanlari bilan bog`liq ekanligini uqtirib o`tganlar”. Professor Ravshan Yunusovning ta`kidlashicha:”Sharq maqomoti ko`hna, ancha murakkab falsafiy-estetik, musiqiy-nazariy hamda amaliy asoslarga egadir”.
        Shuni aytish kerakki, sharq musulmon olamida maqom tizimlari yuzaga kelishi uchun zarur omillar IX-Xasrlarga kelib jamul-jam bo`lgan edi. Zero, aynan shu davrlarda aniq fanlar rivojlandi, vatandoshimiz Abu Nasr Farobiyning (871-950) musiqashunoslikdagi buyuk xizmatlari o`laroq Sharq musiqa ilmiga asos solindi, kasbiy musiqa amaliyoti yangi bosqichga yuksaldi, shuningdek diniy-falsafiy ta`limot va qarashlar yoyila boshladi. Ana shu bevosita va bilvosita omillar ta`sirio`laroq o`rta asr Sharqining yirik (markaziy) shaharlarida o`n ikki maqom tizimi yuzaga kelgan edi. Mazkur tizim tasnifoti dastlab Safiuddin Urmaviy (tax. 1230-1294) va Qutbiddin Sheroziylarning (1236|37-1310) musiqa ilmiga doir asarlarida ishlab chiqilgan bo`lib, keyingi asrlarda Abdulqodir Marog`iy (XIV), Abdurahmon Jomiy, Zaynulobidin Husayniy (XV), Najmiddin Kavkabiy (XVI), Darvishali Changiy (XVI-XVII) kabi ustoz amaliyotchi va nazoratchi olimlar tomonidan ijodiy davom ettirilgan edi.
        O`n ikki maqom tizimi bir necha tarkibiy qisimlardan tashkil topgan bo`lib, ularning asosiylari 12 maqom, 6 ovoza va 24 sho`balardan iborat bo`lgan. Bunda qadimdan kelayotgan yetti bosqichli mukammal parda tizilmalari 12 maqom guruhiga, ko`hna xalq kuy, aytimlari (Navro`zi Ajam, Dugoh, Segoh va b.) esa sho`balar toifasiga tasnif etilgan edi. Ushbu tizim bilan bog`liq qator masalalar, shu jumladan tarkibiy qismlarning tizim doirasidagi alohida vazifasi hamda musiqa amaliyotida bevosita o`zaro bog`lanish jihatlari hozirgacha jumboq bo`lib kelmoqda.
        O`n ikki maqom tizimining bizning diyorimizda uzul-kesil qaror topishi va uning dastlabgi mumtoz ko`rinishlari Sohibqiron Amir Temur va uning vorislari – Temuriylar davriga to`g`ri keladi. Bu o`rinda eng avvalo hazrat Sohibqironning xizmatlarini alohida ta`kidlamoq kerak. Yuqorida aytilganidek, maqom tizimlarini yuzaga keltirish uchun eng avvalo ularning ilmiy-nazariy asoslarini puxta ishlab chiqish zarur edi. Tabiiyki, ushbu masalaning yechimi musiqa ilmi, ya`ni musiqashunos olimlar zimmasiga yuklatilgan. Ammo bu soha olimlari nihoyatda ozchilikni tashkil etib, buning ustiga ularning eng yuqori malakali usrozlari xorijiy musulmon mamlakatlarida istiqomat qilishar edi. Hazrat Sohibqironning bevosita say`-harakatlari ila bu ilm ustozlari turli mamlakatlardan bizning diyorimizga keltirilib, ularning faoliyat ko`rsatishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berilgan edi. Alalxusus Ibn Arabshohning “Temur tarixida taqdir ajoyibotlari” nomli kitobida qayd qilinishicha, Samarqandga keltirilganlar qatorida mashhur musiqachi va musiqa ilmida ustoz “Abdulqodir al-Marog`iy va uning o`g`li Safiuddin, kuyovi Nasriyn, Qutb al-Mousiliy, Ardasher al-Changiy va boshqalar” bo`lgan. Muhimi bu ustoz-san`atkorlarning ilmiy-amaliy faoliyat ko`rsatishlari uchun Sohibqiron saroyida zarur shart-sharoit yaratib berilgan edi. Professor Abdurauf Fitratning “O`zbek klassik musiqasi va uning tarixi” (1927) risolasida qayd etilgan quyidagi satrlar ham shunga ishora etadi: “Temurning bayrog`i bilan har tomondan keltirilgan ixtisoschi olimlarning g`ayratlari bilan bu san`at (ya`ni o`n ikki maqom-O.I.)birdan jonlandi, oyoqqa bosdi. Islom sharqining har tomonidan keltirilgan cholg`uchilar bizning bu kungi klassik musiqamizning yuksalishiga, ko`tarilishiga xizmat qildilar. Oz zamonda yerlilardan ulug` musiqiyshunoslar yetishdilar”.
        Demak o`n ikki maqom tizimi ustoz kasbiy musiqachi va olimlarning o`tmish va o`z zamonlari musiqa boyliklarini yangi davr mumtoz talablari kesimida badiiy yaxlit holga keltirish ustida uzoq yillar olib borgan ilmiy-ijodiy faoliyatlarining samarasi o`laroq yuzaga kelgan edi.
        O`n ikki maqom xususida so`z yuritilganda, ularda jamlangan turli tarixiy davr musiqa yodgorliklari qanday ustuvor g`oya va ma`nolar tizimi asosida o`zaro birlashib, mutanosib holga kelganligi masalasi ham alohida qiziqish uyg`otadi. Bu mavzuni muhobasa etganda o`sha davr siyosiy-ijtimoiiy-madaniy hayotida ustivor mafkura, saroy “madaniy muhiti”, undagi yetakchi falsafiy qarashlardan tortib to maqomlar musiqasida muhim qaror topgan shaklu-shamoyillar, ularning ma`nolar tizimi inobatga olinishi maqsadga muvofiqdir. Bu boradagi izlanishlar natijasida maqomlarning ma`nolar tizimi o`zagini “komil inson” (tasavvif) ta`limoti g`oyalari tashkil etishi ma`lum bo`lmoqda. Bunga bir qator bilvosita va bevosita dalillarni keltirish mumkin. Avvalambor shuni aytish kerakki, o`tmishda maqomlarning ilmu-amali asosan tariqat doirasida bo`lgan so`fiylar yoki har holda tasavvufga aloqador (tasavvuf ta`limoti g`oyalarini qabul etgan mutasavvuf) shaxslar shug`ullanib kelganlar. “Musiqa – rih ozig`idir”, tarzidagi tasavvuflar ham asosan tasavvuf shayxul-mashoixlari tomonidan berilgan. Ayni paytda kelib chiqishi arabcha bo`lgan “maqom” atamasi va uning zamirida anglashiladigan “martaba”, “joy”, “manzilgoh”, “mavqe`”, “daraja” kabi ma`nolar ko`p jihatdan “Yassaviya” tariqatining asoschisi Ahmad Yassaviy hikmatlari orqali turkiy xalqlar orasida keng yoyilgan edi. Bu atamaning hikmatlar matnida ko`plab iboralarda (“ishq maqomi”, “ajab maqom”, “ul maqomda oshiq qullar javlon qilur” va h.k.) kelishi shunday fikrga ma`lum asos beradi. “Maqom” atamasining musiqaga joriy etila boshlanishi ham ko`p jihatdan tasavvuf ta`limotining bu davrlarga kelib islom olamida keng yoyilganligi (bizning diyorimizda, jumladan, “Yassaviya”, “Hojagon-Naqshbandiya” va “Kubroviya” tariqatlarining ijtimoiy nufuzi baland bo`lganligi), Sohibqiron Amir Temur va temuriylar hukumronligi davrida esa qariyb rasmiy mafkura mavqeiga qadar ko`tarilib, buning pirovardida saroy san`atiga, xususan mumtoz kasbiy musiqa sohasiga ko`rsatgan kuchli g`oyaviy ta`siri bilan izohlanishi mumkin. Maqom so`zi tasavvuf istilohida eng muhim tushunchalardan biri bo`lib, uning vositasida, jumladan, ma`naviy kamolot yo`li(tariqat)ning yettita asosiy bosqichlari (bekatlari, darajalari) anglashiladi. Demak, “maqom” deganda ma`lum harakat jarayoni ham nazarda tutilib, bu jarayon mazmunini solik(yo`lovchi, izlanuvchi murid)ning suluk (yo`l) bosqichlari bo`ylab safari va shu asnoda o`z maqsadi sari ma`naviy yuksalib borishi tashkil etadi. Shuni aytish kerakki, O`n ikki maqom tizimi doirasida “komil inson” g`oyalari serjihat ko`rinishlar kasb etadi. Jumladan, solikning qalbidagi ishq o`ti bilan mahbubi tomon ruhiy safari ushbu tizimdagi 12 maqom “zanjiriga” ham botiniy anglashiladi.

        Bunda:
        “Ushshoq” maqomi – so`fiyona ishq, Tangri Taologa bo`lgan chin oshiqlikni,
        “Navo” maqomi – ishq o`tida dard (Havo) chekishni,
        “Busalik” maqomi (Abu Salik-Ahd otasiga ishora) oshiqning tariqat yo`liga kirishga “ahd bog`lashini” bildiradi,.         Keyingi yetti maqom-“Rost”, “Husayniy”, “Hijoz”, “Rohaviy”, “Zangula”, “Iroq”, va “Isfahon” nomlari botiniy mazmunida oshiqning tariqat yo`lida ruhiy yuksalib borishi ulug` haj safariga nozik tashbeh etilgan.
       Jumladan:
        “Rost” (to`g`ri yo`l) – tariqat yo`lini,
        “Husayniy”-piru-murshid(yo`l boshchi)ni,
       “Hijoz” –Makkai Mukarrama va Madinay Munavvara shaharlari joylashgan sarhad bo`lib, yo`lning asosiy maqsad timsolini,
        “Rohoviy” (roh-yo`l),
        “Zangula” (“tuya bo`yniga ilinadigan qo`ng`iroq”),
        “Iroq” va “Isfahon” –yo`l harakati va manzillarining “zabt” etilishini bildiradi. Zero, haj yo`lida Iroq cho`llaridan o`tilgan, Isfahon esa ana shu maqsadga yaqin joylashgan shaharlardan birining nomi.
         So`nggi ikki maqom “Kuchak” (ya`ni kichik) va “Buzruk” nomlari nisbatida so`fiylarning kichik (mikro) va katta (makro) olamlarning o`zaro uyg`unligi haqidagi qarashlari o`z aksini topgan, deyish mumkin. E`tiborli tomoni shundaki, O`n ikki maqom nomlari tasavvuf adabiyotida ham ko`proq “yo`l” safari ma`nolarini ifoda etishda qo`llanib kelingan.

Mana shulardan ayrimlari:

        Gar Sifohonda Navo topmasang, ey yor-i Buzurg,
        Qilg`asam, az-mi Iroq aylab ohang-i Hijoz.
                                                                (Hofiz Xorazmiy).

        Lutfiy, Hiriyda qolmadi she`ringga mushtariy,
        Azmi Hijoz qilki, maqoming Iroq emish.
                                                                (Lutfiy).

        Ey Navoiy, sen dog`i qilsang tama` sayri Hijoz,
        Qil Iroq ohangi, tark aylab Xuroson men kebi.
                                                                (Navoiy).


        Yshbu misralar mazmunida haj safariga bo`lgan intilish O`n ikki maqom tizimiga mansub nomlar (Iroq, Hijoz, Isfahon, Navo, Buzruk) vositasida o`zining nozik ifodasini topganini ko`ramiz. Bu intilishning botiniy ma`nosida esa haqiqat va ma`rifatga olib boruvchi ma`naviy yo`l safari anglashiladi. Ahuningdek, Hajmiddin Kavkabiyning “Kulliyoti Kavabiy” asarida ham 12 maqom nomlari vositasida yo`l safariga ishoralar bor. Kulliyot shunday misralar bilan boshlanadi:

        “Zi rohi Rost agar ohang mekuni ba Hijoz,
        Zi Isfahon Guzare jonibi Iroq andoz,

        Ba noqa Zangula dar pardai Rahoviy band,
        Ba Busalik Husayniy - sifat baror ovoz”.

        Mazmuni: Gar “To`g`ri” yo`ldan “Hijoz” tomon boqmoqchi bo`lsang , “Isfahon” dan o`tib, yo`lingni “Iroq” tomon sol. Tuyaga “Qo`ng`iroq” osginu, uni “Yo`l” manzillariga band et. “Busalik”dan “Husayniy”dek nola ovozini chiqar (ya`ni, solikning tariqat manzillarida piru-murshid darajasiga qadar yuksalishi nazarda tutiladi).
         Yuqorida keltirilgan baytlar mazmuni o`laroq maqomlar musiqasida ham tasavvuf g`oyalari in`ikos etilganligini fahmlash mumkin. Chunki she`riy misralarda namoyon bo`lgan bosh qahramon-oshiqning Iroq, Hijoz kabi maqomlarni tinglashga ruhiy ehtiyoji borligi bejiz emas albatta. Zero bu maqomlarda inson (qalb) tinglovi va idroki uchun juda ma`qul bo`lgan mukammal parda uyushmalari va ularda ma`lum uslubda rivojlanuvchi kuy tizilmalari borki, ular oshiq ruhini sururli vajd kechinmalari sari yuksalishiga quvvat beruvchi oziqa bo`lishi mumkin. Aslida ana shu kabi maqomlarning yeti asosiy pardasi va ular asosida (Dugoh, Segoh, Chorgoh ba bosh.) ko`hna kuy tizilmalarining quyidan yuqoriga qarab bosqichma bosqich (I, II, III, IV va h.k.) rivojlanib, pirovardida yangi sifatlar kashf etish uslubi tariqat manzillariga xos jarayonlarning badiiy aksi tarzida shakllangan bo`lsa kerak. Har holda O`n ikki maqom tizimini bizgacha “Shashmaqom”, “Xorazm maqomlari” va “Farg`ona-Toshkent maqom yo`llari”da yetib kelgan namunalarining qiyosiy tahlili shu kabi xulosalarga ham asos bo`lmoqda. Bunga Shashmaqom, Xorazm maqomlari va Farg`ona-Toshkent maqom yo`llaridagi “Dugoh”, “Segoh”, “Chorgoh” nomli namunalar yaqqol misol bo`la oladi. Shundayki, dastlab juda oddiy shakllarda bo`lgan goh kuy tizilmalari O`n ikki maqom tizimining sho`balari guruhidan o`rin olgan bo`lib, ularni mumtoz talablar darajasida rivoj toptirish maqsadida har biriga alohida-alohida mukammal parda uyushmalari biriktirilgan edi.
         Shunga binoan, Dugoh sho`basi Husayniy maqomida, Segoh sho`basi Hijoz maqomida, Chorgoh sho`basi Zangula maqom pardalarida bayon etilib rivojlantirilgan (N. Kavkabiy tasnifi). Buning pirovardida esa sho`balarning biriktirilgan maqom pardalariga tabiiy singib kerish jarayoni r`oy bergan. Bunga quyidagi misolni dalil keltirish mumkin. Xorazm maqomlaridan o`rin olgan “Maqomi Segoh” aytim yo`lida dastlab uch tovushdan iborat bo`lgan Segoh kuy-ohang qurilmasi “re” pardasidan boshlab birin-ketin yettita asosiy bosqichlarni zabt etadi. To`g`ri, kuy oqimi vaqti-vaqti bilan “zabt” etilgan bosqichlarga t`olqinsimon harakatlar ila qaytib, ularni takrorlab turadiki, bu hol umuman musiqaning o`ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Farg`ona-Toshkent maqom yo`llaridan “Segoh” aytim y`olida ham shu kabi musiqiy jarayonlar yuzaga keladi. Tayanch bosqichlari o`rnida hozir bo`lgan tovishlar uyushmasini O`n ikki maqom pardalariga qiyosiy o`rganilganda u hijozga muvofiq ekanligi ma`lum bo`ladi.
         Demak dastlab ovoz ko`lami ikki (Dugoh), uch (Segoh) va to`rt (Chorgoh) tovushlari doirasida bo`lgan sodda ko`rinishli ko`hna kuy tizilmalarining muayyan maqomlarning yettita asosiy pardalri bo`ylab bosqichma-bosqich rivojlovi natijasida ularning yangi sifat (ye`ni maqom) darajalari yuzaga kelgan edi, deyish mumkin. Aynan shu sifatlari darajasida ular keyinchalik yuzaga kelgan yangi maqomot (Shashmaqom, Xorazm maqomlarida-Dugoh va Segoh, Farg`ona- Toshkent maqom y`ollarida Dugoh, Segoh va Chorgoh maqomlari) tizimidan o`rin olgan edi. Mantiqiy xulosa shuki, bu jarayonda avvallari qo`llanib kelingan Segohi-Hijoz, Dugohi-Husayniy, Chorgohi-Zangula kabi sho`ba va maqom birikmalarini anglatuvchi qo`sh nomlar asta-sekin o`z mohiyatini yo`qota boshlagan. Chunki, sho`ba (kuy) tizilmalari maqom pardalarida rivojlanishi davomida ularga shu qadar tabiiy singib ketgan ediki, natijada bu sho`balarning nomlari nafaqat ushbu pardalar doirasidagina tafakkur etiluvchi yangi kuylarni, balki ayni paytda, ana shu mukammal pardalarning o`zini ham ifoda etuvchi tushunchalarga aylangan edi. Binobarin, bugungi kunda Dugoh, segoh va Chorgoh nomlari bilan mashhur maqom namunalari mazmunida Husayniy, Hijoz va Zangula maqomlari pardalarining “hayoti” ham davom etayotganligini e`tirof etish kerak.

a) Binobarin, olingan natijalar asosida tasavvufdagi “solik-suluk” nisbatini O`n ikki maqom tizimida shunday tasavvur etish imkoni yuzaga keldi:
b) mukammal pardalar (tovushqatorlar) sifatida tasnif etilgan O`n ikki maqomning har biri “suluk” (musiqiy “yo`l”) o`rnida namoyon bo`ladi;
c) xalq musiqasining ko`hna qatlamlariga mansub sodda tuzilishli (Dugoh, Segoh, Chorgoh, Panjgoh, Navro`zi Bayot va b.) sho`ba kuy tizilmalari solik “y`olovchi” siymosini o`ziga xos razm etadi;
d) musiqa amaliyotida sho`ba kuy tizilmalari muayyan maqomning parda bosqichlariga tayangan holda zaruriy (komil) sifat darajasiga qadar rivojlanadi. Binobarin, bu jarayonda mukammal pardalarning yettita asosiy tovush-bosqichlari maqom (ya`ni kuy tizilmasining tayanch pardalari) sifatida qo`llaniladi.
         Demak, “maqom” deganda musiqada “nomukammal holatdan mukammal holatga” qarab rivojlanishning muayyan ijodiy uslubi ham anglashilar ekan. Yuqoridagilarga umumlashtirgan holda maqom xususidagi ta`riflarga quyidagilarni qo`shimcha etamiz:
         I. Maqom – bu sadolarda in`ikos etgan hikmatlardir. Insonning ruhiy ma`naviy kamoloti sari yuksalishi va shu tariqa chin haqiqatga erishuvi bu hikmatlar o`zagini tashkil etadi.
         II. Maqom – bu tariqat bosqichlarining o`ziga xos musiqiy ifodasi bo`lgan mukammal pardalar uyushmasi va asosda berilgan kuy mavzuini ma`lum yo`sinda (quyidan yuqoriga qarab izchil) rivojlantirish uslubidir.
         Maqom borasidagi ushbu ta`riflar nafaqat O`n ikki maqom, balki Shashmaqom, Xorazm maqomlari va Farg`ona-Toshkent maqom yo`llariga ham bevosita dahldordir. Bu o`rinda ularning tarkibiy qismlarida “maqom” so`zi bilan birga yana “samo”, “gardun”, “qalandar”, “samandar”, “girya”, “nola”, “charx”, “faryod”, “soqiynoma”, kabi k`oplab tasavvuf istilohlarining qo`llanishi, shuningdek, asosiy aytim yo`llarida yuksak ishq (Hofiz, Jomiy, Sakkokiy, Lutfiy, Navoiy, Mashrab, Bedil va b.) mazmunidagi g`azallarning kuylanib kelinishi, shuningdek, “sof” musiqiy jihatdan esa mukammal parda yo`llari asosida (tariqat jarayonlarining badiiy aksi o`laroq) kuy mavzularini bir tartibda izchil rivojlantirib, ularning avj sifatlarini namoyon etish tamoyili kabi omillarni dalillar qatorida keltirish mumkin. Lekin eng muhim dalil bu buyuk ishq dardi ila yo`g`irilgan maqomlar musiqasidir. Chinki bi musiqa mazmunida pok ruhiyatning asl Go`zallik, chin Haqiqat sari ma`naviy xuruji o`z ifodasini topdi. Binobarin maqomlarning asrlar osha o`z badiiy qiymatini yo`qotmasligi va ayni paytda, milionlab odamlar qalbidan o`rin olganligining asl sabablaridan biri ham ularning teran ma`nolarga yo`g`rilgan go`zal navolari-yu, beqiyus shaklu-shamoillari bilan izohlanadi. Zero, ma`naviyatdan uzilgan har qanday go`zallik oxir-oqibat yoqimsizdir.
        Demak, maqomlar nafaqat Sharq musiqa madaniyati, balki insoniyat qo`lga kiritgan ulkan hodisa bo`ldi. Zotan maqomlar insonlarda sof, muqaddas tuyg`ularni uyg`otuvchi, ruhiyatni nafs to`siqlari uzra asl maqomlari sari yuksalishga da`vat etuvchi ma`naviy navolarimizdir.
___________________________

1. Karomatov F., Elsner Yu. Makam I makom, kn: Muzika narodov Azii I Afriki. Vip . M., 1984, s. 91
2. Sach Curt. The Rise of music in the anchient World and West. W. W. Norten E. Company INC. New York., Vinogradov V. S. Klassicheskie tradicii Iranskoy muziki. M., Sovetskiy kompozitor, 1981, s. 30-32; Gruber R. I. Vseobshaya istoriya muziki. I. M., Gosmuzizdat, 1960, s. 69, 114-117
3. Jmud L. Ya. Pifagor I yego shkola. L., Nauka, 1990, s. 91-100
4. Change Darvish Ali. Traktat o muzike. (perevod s pers.-tadj. D. Rashidovoy) Rukopis bib-ka NII Iskusstvoznaniya Inv. N879 s. 23-29.
5. Nazarov A. F. Kniga pesen al-Isfaxani v aspekte mejregionalnix muzikalno-transkulturativnix processov. Dis. Kan. Is-ya, bib-ka NII Iskusstvoznaniya. Inv N812, s . 37
6. Gercman E. Vizantiyskoe muzikoznanie. L., 1988 s. 26
7. Korogli X. G. vzaimosvuazi eposa narodov Sredney Azii, Irana I Azerbaydjana. M., 1983, s. 8
8. Gafurbekov T. B. Tvorcheskie resursi nacionalnoy monodii I ix prolemlenie v uzbekskoy sovetskoy muzike. T., Fan, 1987, s. 8-11
9. Matyoqubov O. R. Og`zaki an`anadagi professional muzika asoslariga kirish. T., O`qituvchi, 1983, b. 7
10. Rajabov Ishoq. Maqomlar. Toshkent., (qo`lyozma) San`atshunoslik institute kutubxonasi, Inv. N843, b. 61
11. Yunusov R. Yu. O`zbek xalq musiqa ijodi (ilmiy-uslubiy tavsiyalar) II qism, T., 2000, b. 24
12. Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi, T., Mehnat, 1992, b. 86-87
13. Fitrat. O`zbek klassik musiqasi va uning tarixi. T., Fan, 1993, b. 39-40
14. Kavkabiy Najmiddin. Risolai musiqi. Risola dar bayoni Duvozdahmaqom. Tahiya, tahqiq va tavzehot ba qalami Asqarali Rajabov. Dushanbe, Irfon, 1985, b. 65(Kulliyot mazmunin ozbek tiliga o`girishda Ismoil Bekjon tarjimasidan erkin foydalandik.)
15. N. Kavkabiy. Ko`rsatilgan adabiyot. B. 48; Abdurahmon Jomiy. Traktat o muzike. T., AN UzSSR, 1960, s. 85

© Husniddin ATO,2003-2008