O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

 

Barno Muhammedova                                      Avloniy va musiqa san’ati.
O`zbekiston Davlat Konservatoriyasi "Musiqa tarixi",
"Musiqiy jurnalistika va tanqid" kafedralari o`qituvchisi.


        O`rta Osiyo ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida muhim o`rin tutgan jadidchilik harakati, adabiyoti va san’atining yirik namoyondalaridan biri bo`lmish Abdulla Avloniy milliy teatr va musiqa san’ati ravnaqi, xalqimizni ma’naviy qashshoqlikdan qutqarish, umumxalq madaniyatini yuksaltirih yo`lida faol ish olib borgan siymolardandir.
        Abdulla Avloniy (1878-1934) o`tgan asrning boshlarida uyg`onish davri arboblari singari shoir, dramaturg, aktyor, tarjimon, musiqa yig`uvchi, jurnalist, Evropa ilg`or fan-texnikasi, madaniyati tarafdori sifatida bo`y ko`rsatdi. Uning yozma dramaturgiya va teatr san’atiga qo`shgan hissasi ho`qida talaygina ilmiy-ommabop maqola va asarlar e’lon qilingan bo`lsa-da, ammo ijodkorning musika san’atiga munosabati to`g`risida juda kam yozilgan. Holbuki, u barcha jadid ziyolilari kabi bu sohaga ham munosib ulush qo`shgan. Uning ikki jildlik «Tanlangan asarlar»iga kiritilgan she’rlari, maqolalari, pesalari shunday demoqqa asos beradi. Adib asarlari uning badiiy-estetik qarashlari nihoyatda yuksak bo`lganini, xususan, yoshlikdan musiqa san’atiga ixlos qo`yganini va bu ixlos ilk bor teatrchilik harakatiga aralasha boshlagan kezlarida avj olganini, ayniqsa, «Turon» truppasida faoliyat ko`rsatgan davrida kuchayganini ko`rsatadi.
        Ma’lumki, XX asrning boshida Turkistonning katta shaharlariga turli millat teatr truppalari, xususan, tatar, arman, ozarbayjon, rus san’atkorlari ijodiy safarga kelishgan (bu o`sha davr matbuotida keng yoritilgan). Ularning ta’sirida Abdulla Avloniy o`zbek teatr san’atining poydevori bo`lgan Evropa tipidagi «Turon» truppasining (1914 yil) rahnamolaridan biriga aylandi. U teatr san’atining xalq ongiga ta’siri haqida «Teatr xususida munozara» maqolasida «Tiyotr har bir millatning yamon urf va odatlarini yo`q qilmak uchun, o`zini ahvolini tuzatmak uchun boqadurg`on oyinasidir» (Avloniy A. Tanlangan asarlar. 2-jildlik. 2 jild. T.: Ma’naviyat,1998 .221-bet.), - deydi. Avloniy ilg`or turk va ozarbayjon, tatar dramaturgiyasi bilan tanishib, eng yaxshi asarlarni, jumladan Jalil Mamadqulizodaning «O`liklar», «Uy tarbiyasining bir shakli», «Jaholat» dramalarini o`zbekchaga tarjima qildi, rejissyor va aktyor sifatida truppa faoliyatida fidokorona qatnashdi. 1914-1916 yillarda Toshkent va Farg`onada, chiqib turgan gazeta va jurnallarni varaqlab ko`rsangiz, truppa faoliyati, Avloniyning rejissyorlik va aktyorlik mahorati haqida yozilgan maroqli maqolalarni ko`plab uchratasiz.
        «Turon» truppasining ilk qadamlarida so`zsiz Avloniyning o`rni katta. Truppa repertuarining shakllanishida, musiqiy bezagida uning qo`li borligi yaqqol seziladi. Teatrning birinchi «qadamlaridan boshlab musiqa san’atiga katta o`rin berilgan. Truppaning matbuotda bosilgan e’lonlari bu fikrni tasdiqlaydi. Hatto e’lonlardan birida tanaffus paytlarida Sultonxon tanburchi (ushbu davrning eng nufuzli tamburchisi.) turli mashqlarni ijro etishi ma’lum qilingani kishini hayratga soladi.
        Avloniy ana shu jarayonga qizg`in aralashgani sababli musiqaning inson, jamiyat va teatr san’atidagi o`rni va rolini chuqur anglab etdi. Bu xususiyat uning Sidqiy Ruhullo (Mashhur Ozarbayjon xonadasi. Turkiston sanatkorlari bilan yaqin aloqada bo`lgan.) bilan hamkorlikda U.Hojibekovning «Layli va Majnun» operasini sahnalashtirishda ham aktyor, ham xormeyster sifatida ishtirok etishi chog`ida yanada taraqqiy etdi. Shuningdek, talaygina hofizu sozandalar bilan uchrashuvlar, suhbatlar chog`ida milliy musiqa janrlari, yo`llarini o`rgandi, ma’naviy xazinasini milliy kuy nomlari va ohanglari bilan boyitdi, Bu bilan kifoyalanmay san’at haqida tanqidiy mushohada yuritishga odatlandi. Musiqa san’atining inson tarbiyasida muhim o`rin tutishini, ayniqsa yoshlarni tarbiyalashda imkoniyati keng ekanligini barcha jadid ziyolilari kabi teran ilg`adi. Uning 1922 yilda «Inqilob» jurnalining birinchi sonida bosilgan «Sanoyi’ nafisa» maqolasi fikrimizni har jihatdan dalillaydi. Avloniy ommabop tarzda fikr yuritib, odamlar qadim zamonlarda "dunyo yuzida inson bolalarining sanoyi’ nafisaga qo`ygan birinchi odimlar"ini, «dillaridagi ta’sir va hissiyotni to`xtata olmaganlar va erishilgandan qanoatlanmasdan tinch yotmaganlar, jim turmaganlar», «tabiatning yasagan va o`sdirgan, vujudga chiqargan jonlik va jonsiz narsalarini sinchiklab tekshirib qaray boshlaganlar»ini tushuntiradi.

«Bargi daraxton sabz dar nazari hushyor,
Har varaqash tabiati ro`zg`or»,

        Ya’ni, daraxtlarning har bir yashil, bargi, xushyor (kishilarning) nazarida bu turfa olamning varaqlaridir deydi (Avloniy A. Tanlangan asarlar. 2-jildlik. 2 jild. T.: Ma’naviyat,1998 . 235-bet.). Adib bu bilan musiqa san’atining tug`ilishida tabiatga nisbatan qilingan oddiy taqlid yotishini ta’kidlaydi.
        Ma’lumki, odamlar qadim-qadimda hayot va tabiat voqea-hodisalarini, atrof muhitda kechayotgan o`zgarishlar hamda jarayonlarni doimo o`zlarining hayotlariga qiyoslashgan. Tabiat go`zalligini asl holicha soddadillik bilan qabul qilishgan. Avloniy ilmiy adabiyotda «taqlidchilik davri», «xalq og`zaki ijodi davri» deb atalgan paytlarni tahlil etishda asosan to`g`ri yondashadi. U taqlid davrini quyidagicha ifodalaydi: «bahor mavsumlarida chechaklarning hajrida mast bo`lib sayragan qushlarning yoqimli tovushlari hushlariga o`tirdida, onlar ham ixtiyorsiz ravishda shul qushlarga tovushlarini o`xshatmoq, go`yo qush kabi sayramoqchi bo`ldilar». SHoir bu misol bilan inson qalbida paydo bo`lgan go`zallikka, musiqaga intilish, ijod qilish, o`ziga xos ohang yaratish mayini va bu mayilni tug`diruvchi musiqa va uning uyg`otuvchisi, fasllar kelinchagi bahor ekanini uqtiradi. Davrga ta’rif berib: «Ular ham nag`ma, ashula qila boshladilar. Mana shu davrni sanoyi’ nafisaning adabiyot davri deyilur», - deydi.
        Avloniy taqlidchilikdan asta-sekin haqiqiy ijod davriga o`tishni to`g`ri ta’kidlab, «avvalgi san’atlariga qaraganda so`nggi san’atlar (avvalgidan) muhimroq va yaxshiroq bo`lib, mutaassir bo`lmoq har kimga nasib bo`lmas edi», -deydi. Binobarin, u haqiqiy san’atkorlik har kimning qo`lidan kelmasligini, buning uchun insonga chin ma’nodagi iste’dod lozimligini aytadi.
        Taqliddan og`zaki ijodga, so`ng haqiqiy san’atkorlikka o`tish zamonini, ya’ni adabiyot davri haqida fikr yuritar ekan, har ikki holatda musiqaning vazifasini asosan to`g`pi belgilaydi. U «shodlik kunlarin(i) shodlik qo`shiq bilan tasvir qilsalar, g`amlik kunlarin(i) qayg`ulik ashulalari bilan izhor qilar edilar», -deydi. Ya’ni, musiqaning faqat maishiy tomonini emas, balki falsafiy jihatini ham unutmaydi.
        Avloniy inson ovozi - eng birinchi musiqa asbobi ekanligini va kadimgi kishilar «go`zallaridan, mahbubalaridan, borlaridan ajralganliklarin(i) boshqa o`rtoqlariga ham ma’lum qilar edilar», deb qadim zamonlarda ishq-muhabbat, his-tuyg`ular bilan bog`liqligini aytib, lirik musiqaning paydo bo`lish sabablarini ochadi. Shuningdek u jo`ngina bo`lsa-da, ilk musiqa cholg`u asboblarining yaratilishi haqida ham taxminlar qiladi: «Daraxtlarning shoxlariga ilinib qolgon hayvonlarning ichaklarin havoning ta’siri bilan ko`rib, shamolning ta’siri bilan «ting`ir-ting`ir» qilgan tovushi ko`ngillariga o`turdi, xush keldi. O`zlarining ashula va qo`shiqlariga jo`r-jo`ravozlik qilmoq uchun hayvon ichaklaridan «tor» yasab, musiqiy asboblarin yuzaga chiqardilar», deb musiqa san’ati o`z taraqqiyotida yangi bir bosqichiga o`tganini ta’kidlaydi. «Bu san’atlari avvallariga qaraganda eng nafis, eng muhim, eng ruhlik bir san’at bo`lib chiqdi. Lekin onlar bu san’atlarni tekshiruv va qayg`iruv orqasida chiqordilarda, bizlarga yodgor o`laroq qoldirib, o`zlari ko`zdan nihon o`ldilar» deb, musiqani oddiy taqliddan ijod va chin badiiyot hosilasi darajasiga ko`tarilishini «nafis san’at» deb, uning yaratuvchilari-bastakorlar nom-nishonsiz o`tib ketganlarini uqtirmoqda. U davrni aniq ko`rsatishdan tiyilib, o`rta asrlar nafis san’atiga ishora qilar ekan, milliy musiqa bisotimizdagi o`adimiy «Sayra bulbul, sayra chinorni shoxi sinsun, yor ayrilaman dedi, ayrilib ko`ngli tinsun» deb boshlanuvchi xalq qo`shig`ini tilga oladi. Avloniy musiqa san’atining paydo bo`lishiga oid qisqagina maqolasida ko`pgina qiziqarli kuzatuvlarni keltiradi va asosan to`g`ri xulosalar chiqaradi. Musiqa ilk bor tabiatga oddiy taqliddan boshlanganligini, musiqa san’atining asosiy janrlarini, ya’ni mavsumiy, maishiy va lirik qo`shiqlarning kelib chiqishini eslatib qo`yadi. Musiqaga yurakdan berilgani bois yozgan «Musiqiy» sarlavhali she’rida musiqaning ta’sir kuch-qudratini batafsil ifodalaydi.

Nag`ma sozingdir madori jism, qudsiy so`zlaring,
Ruxbaxshodur sado qilganda, hijron ko`zlaring.

        Avloniy musiqani o`lik vujudga jon kirituvchi go`zal qiyofada tasvirlaydi. Musiqa sadosi insonning ruhini bo`ysundirib o`ziga muxlis qiladi, ming jonlarni o`ynatadi. Kimki umrida bir marotaba musiqa sadosini eshitsa, unga abadiy shaydo bo`lib qoladi. San’at inson qalbiga shodlik bag`ishlab, o`ziga asir qilib oladi. Musiqa bulog`idan minglab jonlar ta’sirlangan, maftun bo`lgan, «murda dillar», ya’ni o`lik dillar ham uning ta’siridan darmon oladi va tiriladi, harakatga keladi. San’atni anglagan, undan bahramand insonning ruxiyati pok bo`lib, yomonlik tomoniga o`zgarmaydi, buzilmaydi deb hisoblaydi Avloniy. Shu bilan shoir musiqa inson ruhini, ma’naviyatini poklaydigan, tarbiyalaydigan kuchga egaligini ta’kidlab, qadimgi yunon faylasuflarining «poklanish» («katarsis») tushunchasiga hamfikrlik bildiradi.

So`ylagan kimdur dahoningdan azal asrorini,
Nag`mang ochgay elni afkorik tuzar jontorini.

        Ya’ni musiqa ilohiyat bilan bevosita bog`liq bo`lgan mo`’jiza. Insonga yaratguchining sirini so`zlagan kim? Albatta, nag`ma. Chunki nag`ma – xalqning tafakkurini ochadi, jonlarning-jamiyatning bemor vujudini davolaydi, jon tomirini tuzatadi. Sababi, nag`masoz (sozanda, bastakor) qudsiy-ilohiy poklik so`zini aytib, inson va jamiyat vujudiga quvvat beradi, chunki, Hijron so`zlari (shoirning taxalluslaridan biri) xasta xalq ruhini davolovchi ohang-sado-kuydir.
        Avloniy she’rda musiqaning ilohiyona ta’sir quvvatini ta’riflash bilan kifoyalanmay turli musiqiy atamalarni keltiradi: «some’» - tinglovchi, eshituvchi manosini bildiradi; «tarannum» - ohang, kuy; «takallum» - qo`shiq, ashula; «nag`masoz» - kuy yozuvchi, bastakor. Adib musiqani nafaqat san’at, balki falsafa, din, tibbiyot va umuman koinot bilan bog`liq bo`lgan yaxlit bir hodisa sifatida o`zaro mutanosiblikda idrok etadi. Uning musiqa inson ruhiga, ma’naviyatiga qanchalik kuchli ta’sir ko`rsatishi, ta’lim-tarbiyada muhim rol o`ynashi haqidagi fikr va tushunchalari barcha jadid ziyolilariga xos bo`lib, qadimiy Sharq musiqashunoslarining fikrlariga monand keladi.
        Abdulla Avloniyning ko`p qirrali faoliyatida yoshlarga ta’lim-tarbiya berish masalasi muhim ahamiyat kasb etgani to`g`risida ko`pgina qiziqarli ma’lumotlar bor. Millatimizning ilg`or kishilari qatori Avloniy Vatanning kelajagi yoshlar tarbiyasiga bog`liq ekanini, ularning ma’naviy barkamolligi yangi jamiyatning madaniy darajasini belgilashini chuqur anglagan. 1904 yilda u Mirobod mahallasida ko`pgina ma’rifatparvar ziyolilar qatori yangi usuldagi maktab ochadi. 1916 yildan boshlab o`z maktabida musiqa darslariga o`rin beradi. Avloniy maktab programmasiga kiritgan «..musiqa darslari o`sha zamonning oxirgi kashfiyoti grammofonsiz o`tmagan» deb eslaydi maktabning sobiq o`kuvchisi Yu.Tohiriy (Avloniy A. Toshkent tongi. T.: 1979. 10-bet). O`sha zamon Turkiston bolalari qanday kuy va qo`shiqlarni tinglaganlari va bunday «ko`rgazmali qurol» ularga qanchalik katta ta’sir ko`rsatganligini tasavvur qilish mumkin.
        Avloniy musiqa san’atini qanchalik chuqur idrok etganligini o`zining ko`pgina she’rlarini ommabop xalq qo`shiqlariga, maqom yo`llaridagi kuylarga, o`z davrida mashhur bo`lgan ozarbayjon operalaridagi ariyalarning kuylariga moslab yozganligidan bilishimiz mumkin. Masalan uning «Maktabga targ`ib» she’ri «Latifa» kuyi ohangida yozilgan. U ijrochilar qiynalmasligi uchun «Milliy kuylarimizdan biri «Og`ajon latifa, guliston latifa», «Shoxida o`ynang, bargida sayrang, bog` latifa»dur, deb matndan parcha keltiradi va «teatr va adabiyot kechalarinda sahnada yozilmish milliy she’rlardan bir bayt, bir yoki ikki kishi tarafidan o`qilub, so`ngidan ko`b kishilar tarafidan hur, sozlar ila jo`r qilub ikkinchi bayt o`qilur», deb ogohlantiradi hamda naqorat lozimligini uqtiradi.
        Shuningdek, «Saodatshundadir» she’ri milliy kuylarimizdan «+oshg`archa», «Anorxon yorima» kuyiga solinub yozilganini eslatib o`tadi. Xullas shoir talaygina she’rlarni tayyor kuylarga solib yozgani haqida ma’lumotlar berib, uning ijro yo`llarini tushuntiradi: «Milliy nag`ma» she’ri «Shoh Abbos» operasindagi sharqiy kuylardan biri - «Tasnif»ga, «Hofizdan» - «Bayoti sheroz» kuyiga, «Jahldan nafrat» - «Dugoh» kuyiga, «Oh, bag`ri qonim» - "Rost" kuyiga, «Munojot» - milliy kuylardan "Segoh" kuyiga, «Oqma ko`z yoshim» - «Usqudor» kuyiga, «Ilma targ`ib» - «Layli va Majnun» operasindagi kuylardan sharqiy «Ey, bekasu bechora» kuyiga solinub yozildi». «To`y haqinda» she’riga «Reza» kuyi asos qilib olingan bo`lsa, boshqalari xalq kuylaridan «Yor-yor»ga solingan.
        Ma’lumki, O`zbekistonning turli viloyatlarida xalqimizning marosim qo`shiqlari orasida «Yor-yor»lar juda keng tarqalgan bo`lib, o`ziga xos usulda ijro etiladi. Aslida to`y marosimi bilan bog`lig` bo`lgan, «Yor-yor» qo`shiqlarining kuyi lirik ohangga ega bo`lib, xalqning kundalik turmushidagi har xil dolzarb mavzularni qiyoslash usulida qamrab oladi. Biz buni hozirgi kunda ham kuzatishimiz mumkin. «Yor-yor» qo`shiqlarining o`ziga xos ijro uslublari mavjud. Avloniy «Yor-yor»ning qiyoslash, taqqoslash usulidan va ohangidan ham ustalik bilan foydalangan. Shu sababli uning bu janrda yozilgan ijtimoiy she’rlari zamondoshlari qalbi va ongiga musiqiy ohanglar vositasida etib borgan. Binobarin o`quvchi va tinglovchini ma’naviy tarbiyalashda muhim tarbiyaviy vazifani bajargan, desak sira mubolag`a bo`lmaydi.
        Ijodkor o`zining ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy fikrlarini o`quvchi qalbiga joylashda nomlari yuqorida zikr etilgan milliy kuylar bilan bir qatorda «Na’t», «Munojot» va «Hamd» kabi an’anaviy diniy qo`shiq janrlaridan ham foydalangan. Sharq xalqlari va xususan o`zbek, tojik va fors adabiyotida Olloh va uning so`nggi payg`ambarini sharaflovchi «Na’t» va «Hamd» janrlari juda katta o`rin egallagan. Har bir yirik badiiy asarning boshida tangrini madh ztuvchi parchalar (boblar) bo`lishi odat tusiga kirgan. «Na’t» va «Hamd»lar aruz vaznida yoziladigan diniy musiqiy janrlar hisoblanadi. Bu asarlar qasida janriga hamohang bo`lib, to`ylarda va bazmlarda (konsertlarda) ijro etilgan. «Na’t» va «Hamd»larning ohanglari bir tekisda ketib, qo`shiq va deklamatsiya o`rtasidagi usulda tanbur jo`rligida ijro etilgan. Asosiy urg`u so`zning mazmuniga qaratilgan bo`lib, tinglovchining his-tuyg`ulariga ta’sir qiladi. Avloniy bu holatni e’tiborga olgani uchun o`z she’riy to`plamlarida ulardan keng foydalangan. Shu sababli uning «Adabiyot yohud milliy she’rlar» to`plamining har bir ju’zi «Hamd» va «Na’t»lar bilan boshlanadi. Avloniyning bir necha she’rlari «Na’ti Hazrati Rasuli Akram», «Hamd», «Na’ti sarvari olam», «Mustahzod» deb ataladi. Garchi bu she’rlar Olloh taolo va uning oxirgi paygambari Rasuli Akramga bag`ishlangan ta’rif, madhiya va iltijodan iborat bo`lsada, ammo shoir ularga zamonasiga oid ijtimoiy vazifalarni ham yuklaydi. Shu sababli ijroda xorni ham nazarda tutadi. Musiqa jo`rligida xor jamoasida kuylash usulining o`ziga xos tarbiyaviy va tibbiy xususiyatlari mavjud: jamoa bo`lib kuylaganda odam musiqani butun vujudi bilan his etadi va o`zi beixtiyor ijodiy jarayonga kirishadi, uning ruhiyati har qanday shartlilikdan xoli bo`lib, ichki ko`tarinkilikka, erkinlikka erishadi. Aynan ijroning shu turi musiqa san’atini o`zlashtirishda, unga bevosita kirib borishda, musiqiy ta’lim sohasida juda foydali va unumli yo`ldir.
        Ma’lumki o`sha davrda ko`pgina yangi usuldagi maktablarda, o`quv kurslarida, musiqa darslari o`qitilgan va teatr badiiy havaskorligi rivojlantirilgan. Bunday muassasalarda Tavallo, Hoji Mu’in va Avloniyning axloq va odob, Vatanga muhabbat haqidagi she’rlari deklamatsiya qilingan hamda ashula sifatida aytilgan. «Sadoi Turkiston» gazetasining 1914 yil 20 iyun sonida bosilgan «Andijonda musulmoncha teatr» maqolasi fikrimizni tasdiqlaydi. Maqolada jumladan shunday deyiladi: «Teatrdan so`ng erli musiqa bilan hamma o`ynovchilar sahnada hur ila Abdulla Avloniyning «O`qisin yoshlarimiz» asarini o`qib, xalqning olqishi va ofarinlariga musahhar bo`ldilar». Shunga o`xshash xabarlarni 1914-1916 yillardagi Toshkent va Farg`ona matbuotida juda ko`p uchratish mumkin. Umuman yangi mazmundagi she’riy asarlarni ma’lum kuylarga solib ijro etish o`sha davr madaniy hayotida keng miqyosda avj olgani kuzatiladi. Jadidchilik g`oyalari bilan sug`orilgan, yangi mazmundagi, ma’rifat, axloq, odob, millatparvarlikka chorlovchi mavzular xalq orasida ommalashgan bo`lib, asosan xalq qo`shiq va laparlari, maqom yo`lidagi uforlar, turkcha marshlar, tatarcha kuylar jo`rligida ijro etilishi odat tusiga kirgan. «Sahnaga chiqqan yoshlar hur ila ham yolg`uz-yolg`uz (yakkaxon usulda-B.M.) bo`lib mashhur shoirTukoev va Sayd Ramievning eng ma’noli she’rlarini o`qidilar. Orada etti kishidan murakkab milliy musiqa uynab turdi (ya’ni kichik orkestr - B.M.)» deb yozilgan «Sadoiy Turkiston» gazetasining 1915 yilning 15 yanvar sonida.
        Tariximizning fojeali hodisalaridan biri 1916 yilning yozida rus podshosining Sibirga mardikorlikka olish haqidagi farmonining chiqishi bo`lgan. Ma’lumki bu tadbir o`lkamizning barcha hududlarida xalqning g`azabini, noroziligini qo`zg`ab, qo`zg`olonlarga olib keldi. Xalq orasida sodda va ommabop kuylarga solinib mardikorlikka, oq podshoga qarshi qaratilgan qo`shiqlar keng tarqalib ketdi. Jadid ziyolilari mustamlakachilar uyushtirgan beayov qirg`inlarni katta norozilik bilan qarshi oldilar. A.Avloniy ham «Mardikorlar ashuvlasi» (bu asar Toshkentda G`ulom Hasan Orifjonov litografiyasida 1917 yilda bosilgan.) turkumini yaratib, mardikorlik poeziyasiga o`z hissasini qo`shdi. To`plamga «Bir mardikorning otasi o`g`liga aytgan so`zlari», «Onasining o`g`liga aytgan so`zlari», «O`g`lining onasiga aytgan so`zlari», «Xotuniga aytgan so`zi» kabi ta’sirli, dardga to`la she’rlari kiritilgan bo`lib, ular ohangdor va ashulabop qilib yozilgan. Muallifning o`zi uni «Bir necha yangi kuylarga solinub yozilmish «Adabiyot» majmuasining 6-juz’i» deb atasada, ammo qaysi yangi kuylar haqida ran borayotganligi haqida xech narsa demaydi. Kitob so`zboshisida undagi she’rlarning 1916 yilgi mardikorlik voqeasi munosabati bilan ezilganligi va «Turon» to`dasi tomonidan aytilganligi ma’lum qilingan, xolos (O`sha joyda. 375-bet). Yangi nashrda esa: «Birinchi to`da mardikorlarni jo`natmoq uchun chiqishda yasalgan namoyishda Toshkentdagi teatrda maxsus «Turon» to`dasi tarafidan turli latif kuylarda o`qulgan edi. Ko`b kishilar iltimos qiluvi sababli ja’m qilinib, nashr qilindi. Va boshqa bir necha shoirlarning yozgan she’rlari o`zlarining ruxsatlari ila ushbu adabiyotga ilova qilindi» deyilgan (Avloniy A. Tanlangan asarlar. 2-jildlik. 1-jild. T.: Ma’naviyat, 1998.248-bet.). Demak, Abdulla Avloniy «Turon» truppasi tashkil topganidan boshlab, unga atab, ma’lum kuylarga moslab ko`pgina she’rlarni yozgan. Ashulalarning hammasiga Avloniyning o`zi kuylar tanlagan. Bu she’rlar o`sha kezlarda xalq orasida yoyilgan «Poezdingni jildirgan», «Nikolay qon jallob», «Mardikorlar voqeasi» kabi xalq qo`shiqlari yo`lida aytilgan bo`lishi mumkin.
        Abdulla Avloniy «Adabiyot yohud milliy she’rlar», «Mardikorlar ashuvlasi» to`plamlarida o`zbek she’riyatining an’anaviy janrlarini mazmunan va shaklan boyitdi. Ularga yangi ma’no va aniqrog`i minbar ohanglarini olib kirdi. Bu she’rlar o`zining ochiq ma’nosi, yorqinligi, oddiyligi, ta’sirchanligi, musiqaviyligi bilan ajralib turadi. 1914 yilda yozilgan «Millatga xitob» she’ri "Sharqiy kuylardan «So`yla bir ko`rki arab» kuyiga solinub yozildi" deb izohlangan. Sharqiy kuylar deb Avloniy vaqtida xalqimiz orasida ommabop bo`lgan turkcha marshlar nazarda tutilgan.
        Avloniy 1917 yil fevral inqilobini Turkiston xalqlari uchun erk va ozodlik olib keladi, degan orzular bilan kutib oldi va ko`p marshlar («sharqiyalar») yozdi. Ammo u ko`pchilik ziyolilar qatori xalqining, Vatanining «porloq kelajagiga» ishonchini juda tez yo`qotadi va «hurriyat nomin eshitdim, lek adolat ko`rmadim» deb iztirob chekadi.

Qilur bizlardan, ey ahli Vatan, faryod Turkiston,
Hamma obod bo`ldi, bo`lmadi obod Turkiston. (O`sha joyda. 116-bet)

        O`z manfaatlarini ko`zlamasdan vatanini dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlar qatorida ko`rish orzusi bilan yashagan shoir madaniyat va san’at orqali har bir odamning yuragiga yo`l topa olish zarurligini tushungan va targ`ib etgan. Avloniy «Madaniyat to`lqinlari» maqolasida shunday yozadi: «Hozir yarim asrdurki madaniyat bizni orqamizdan quviyur. Biz qirdan-qirga qochurmiz, qarshimizda maishat mashaqqatlari chiqub hujum qilur, o`ngimizdan bilimsizlik va jaholat kelub jonlarimizni siqur, so`ngimizdan musriflik, faqirlik, bid’atlar chiqub yo`limizni to`sur». Bu holdan qutilish yo`lida «faqat birgina chorasi bordurki madaniyatni qabul qilmak va haqiqiy madaniyatga kirishmak lozim». Binobarin shoir ana shu madaniyatni barpo qilishda teatr va musiqaning o`rni va roli katta ekanini chuqur anglagan va uni xalq ongiga etkazishga intilgan. Uning san’at, xususan musiqa san’ati xaqidagi fikrlari, qarashlari ana shundan dalolatdir.
        Avloniy badiiy-estetik qarashlarini, musiqaga munosabatini bir maqola hajmida qamrab olish nihoyatda qiyin. Ammo ushbu muxtasar yondashuvning o`ziyoq adibning milliy ananaviy musiqa bilimdonlaridan hamda xazinabonlaridan biri bo`lgan deyishimizga to`liq asos beradi.


© Husniddin ATO,2003-2008