O`ZBEK :: ENGLISH    

LIBRARY

EPOS
"OSHIQ MAHMUD"
Matnlarni to`plovchi san'atshunoslik fanlari nomzodi Botir Matyoqubov
BOLA BAXSHI
Bola baxshi Qurbonnazar Abdullaev (tor), ……. Saparvoy (bulamon), Solay ota (doira)
1964 yili respublika radiosi tomonidan magnit tasmasiga yozib olingan.

         Maxmudjon bilan Nigorxon Parizodni tarixlari shundan iborat: Ganji qorabog` degan viloyatda Ganjaboy degan kishi bor adi. Uning o`g`ildan, qizdan, farzanddan nom-nishoni yo`q adi. Ganjaboy gunlardan bir gun, o`g`il talablarina tushib yurvadiki, uning go`zzini yoshi qabul bo`lib, voqea go`rib, voqeasinda qo`lina bir qizil olma olib, xushvaqt, xurram bo`lib, zaifasi bilan hamsuhbat bo`ldi. Zaifasini bo`yinda homila qoldi.
         Oydan oy, gundan gun o`tib, unga bir o`g`il ato qildi. Odini Maxmudjon qo`ydilar. Maxmudjon ham oradan ko`p zamon o`tgandan keyin, o`n etti, o`n sakkiz yoshina girdi. Ul ham yotqan erinda bir voqea go`rdi. Voqeasinda shahri Lut shahrinda Mansur degan podsho bor adi. Uning bir qizi bor adi. Odina Nigorxon Parizod dab od baradavo`n adilar. Nigorxon Parizod bilan Maxmudjonning ikkovlarining ro`v-ruhiyatlarini bir joya gatirib, bir-birlarina nikohlab, to`y atib bardilar. Maxmudjon xo`shvaqt, xurram bo`lib, erinnan turdii. Go`zzini g`aflatdan ochib go`rgandan keyin Nigorxon Parizod Maxmudjonni go`z oldinnan g`oyib bo`ldi. Maxmudjonni gundaki harakati gundan-guna topilmasdan boravardi. Ganjaboyning bir yolg`iz o`g`li bo`lg`annan keyin, Ganjaboy so`radiki, ammo o`g`lim san na ahvollarni gechirib yuribsan? Sani gundaki ahvoling gun-gundan pasayib boryotir dadi. Maxmudjon aytdiki,: ammo ota, san bizdan savol so`rasang, javobingni ol, dab o`z dardini she’r bilan aytdi:

DEDILAR (Shirvoniy II)

Otajon yotardim geja tush go`rdim,
Ali bobom kelib turg`il dedilar.
Yo`lni uzoq bildim xili ish bildim,
Nigorxonni nikoh qilib berdilar.

Bu nechuk sir aslo eto bilmasman,
Ayroliq o`tina duzo bilmasman,
O`zga yora boshim qo`sho bilmasman,
Shahri Lut elina borg`il dedilar.

Og`alar ko`rganim bayon aylasam,
Sizlarga tushimni ayon aylasam,
qizil gul bog`idin chaman bog`lasam,
Nigorxon bog`innan tergil dedilar.

Endi bu joylarda yurmak gumondir,
Shu yorni topmasam ko`nglim armondir,
Pirlar ruxsat berdi Haqdan farmondur,
Borib Nigorxonni sevgil dedilar.

Maxmud aytar mening oh bilan zorim,
Ko`rmaguncha yo`qdur sabru qarorim,
Nigorxondur maning sevgili yorim,
Qambarjon ustinnan borg`il dedilar.

         Maxmudjon so`zini tamom qilg`annan keyin otasina qarab endi oq fotihangni barsang, shahri Lut degan shaharga bormasak bizda toqat bo`lmas dadi.
         Otasi aytdiki, o`g`lim xato qilibsan, u bir podsho bo`lsa, san bir oddiy kishi bo`lsang, qaysi yo`l bilan borib qizini olasan, sanga qanday yo`l bilan qizini baradi? San shu erlarda birovni qizini xoxlasang, sanga shuni odini Nigorxon qo`yib olib barsak bo`lmasmi akan, o`g`lim dadi. Ammo ota o`n qiz olib barsang ham bo`lmiydi, dadi. Javob barsang ham getaman, javob barmasang ham getaman, dadi.
         Ganjaboy ko`ngli parishon bo`lib, o`g`lina qaytaruv barib, bir she’r aytadi:

AYLAMA (Naylarman III)

Dunyoni endarding mening boshima,
Qo`zim Mahmud mani hayron aylama.
Rahming galsin go`zdan oqqan yoshima,
qo`zim Mahmud mani hayron aylama

Ishqning sharobidan nechun icharsan?
Ota-enang, el-guningdan gecharsan.
Yoringni qo`linnan sharob icharsan,
Qo`zim Mahmud mani hayron aylama

Maxmudimsiz uyda yonmas chirog`im.
Sevar qo`zim kecha-kunduz qarog`im.
Go`zzimning ravshani qoshim-qabog`im,
Qo`zim Mahmud mani hayron aylama

Bu na sirdur munga eto bilmadim,
Ajal etmaguncha o`lo bilmadim,
Ayrilibon sandan qola bilmadim,
Qo`zim Mahmud mani hayron aylama

         Ganjaboy o`ylab go`rdiki, bir g`o`ch yigit ko`ngli parishon bo`lib bir iyiq yo`la getsa, uni yo`li ham bo`lmas. Ganjaboyni boqtirib qo`yg`an bir yo`rg`asi bor adi. Ul yo`rg`ag`a qur jig`a dallikni, baxmal lo`lilik, tillo qubbali egarni solib, juft ayilni berk atib tortib, bir g`oli xurjinni ikki yon go`zzini ham tangga yu, tilloga to`ldirib, bir qator sarpoyni ham barib, Maxmudjonni mindirib, Ganjaboy o`g`lini xo`shlab olib chiqib getavardi. Bir cho`la meydonni chetina borib, ammo o`g`lim, sani yo`ling bo`lsin, yo`lingni ustinda qambar otliq bir yigit bor, shuni olib getsang sanga yo`ldoshlik qilar, deb otini boshini bo`shatib yubaravardi.
         Maxmudjon xushvaqt-xurram bo`lib, yo`rg`asini qochirib getavardi. Ko`p zamon yo`l cho`la meydonnan chiqib bir yurtni oyoqinnan doxil bo`ldi. Bir yopni yoqalab yo`l o`tar adi. Yo`lni urini olib boravarsa, ikki nozanin go`zal qizlar idish ko`tarib suvg`a chiqib galayotir adi. qizlar Maxmudjonni go`rib, uning ishqi qizlarning siynayu-sandina joy bo`ldi. qizlar suv idishlarini qo`yib, gal shu yigitni na kora akanligini bilaylik, ham qaysi boyni o`g`li akanligini, qaysi parizodni yori akanligini bilib qolayliq dab, Maxmudjonni poylab, yo`lini ikki yonini olib duravardilar. Maxmudjon bularni o`nginnan o`tajak vaqtinda, ikki qiz Maxmudjonni ikki yoninnan borib, otini jilovladilar. Maxmudjon so`radiki, qani ov qizlar manga burunnan uchrashqan yo donishqonlaringgiz bormi? qizlar aytdiki: yo`q dadi. Na sabab mani otimni boshini ushladinglar? dadi.
         Xon o`g`il sannan bir ikki og`iz so`z bor, shuni so`rajaqmiz, shunga javob barib o`tasan berdan, dadi. So`rasanggiz so`rang, unga man javob barin, bilganimchalli dadi. qizlar aytdiki, san qaysi viloyatni odamisan? qaysi boyni o`g`lisan? qaysi parizodni yori bo`lasan? Shunga javob bar, dadi.
         Maxmudjon aytdiki, Ganjiqorabog` degan viloyatdan Ganjaboy deganni o`g`liman. Lut degan shaharda bir Mansur degan podsho bor, uni bir qizi bor, unga Nigorxon dab od baradilar. Man ana shu Nigorxon Parizodni yoriman, dadi. Unda bizlarni bir tarif etib o`tishing garak berdan, dadi.
         Maxmudjon aytdiki, man oldimga chiqqan odamlarni besh g`azal, to`rt g`azal aytib tariflab getadovun bo`lsam, borojoq erima besh gunda, o`n gunda bormasman, dadi. Xon o`g`il, san bizni tarif qilmin getsang, sani otingin boshini besh gunda, o`n gunda biz ham yubarmasmiz, dadi. Maxmudjon ot ustinda durib, qizlarni ta’rif qilib bir she’r aytadi:

MANGZAR (Naylarman II )

Oldimizdan go`zal chiqdi,
Go`yo qizil gula mangzar.
Go`rdim aqlim lol etdi,
Sayragan bulbula mangzar.

O`tirdi turdi o`ylandi,
Parvona bo`ldi aylandi.
Zohir dardidan saylandi
Tabibi duch kelan mangzar.

YOnimg`a kelib durg`oli,
Hasratidin oh urg`oli.
Laylining yuzin go`rgali
Majnun bo`lg`an yora mangzar.

Sahar ochilg`an lolasi,
So`zlari jonim olasi,
YOrimning dardi balosi,
Aqlim olg`an qiza mangzar.

Maxmudjon der yor galganda,
Durlar sochilar gulganda.
Pardani yuzdan olg`anda,
O`n to`rt gunlik oya mangzar.

         Maxmudjon so`zini tamom qilg`annan keyin, qani birodarlar, qanoatlangan bo`lsanggizlar, man bir yo`l kishisiman, otimni boshini yuborsanggizlar, o`z yo`lima getsam yaxshi bo`lar adi deyanda, chap jilovda durg`an parizod qiz aytadiki: ammo xon o`g`il san buni tarif qilib, mani tashlab getkandan keyin manga kamischilik galar, agarda bizni ham tarif qilmaydurg`on bo`lsang, otngni boshini besh gunda, o`n gunda yubormasmiz, dadi. Maxmudjon ot ustinda durib, bu qizni ham tarif qilib, bir she’er aytadi:

QIZLAR MANI (Sho ko`chdi)

qarshim olib turgan qizlar,
Yuboringlar qizlar mani.
Salom bersang alik oldim,
Yuboringlar qizlar mani.

Qalam qoshi inju tishi,
G`ozlara mangzar yuishi.
Yigitlikning birdur ishi,
Yuboringlar qizlar mani.

Q abog`ingda surma doli,
Bo`lsin har kimni iqboli.
Oq yuzinda qo`sha xoli,
O`psam bo`lmas qizlar sani.
(Yuboringlar qizlar mani)

Avval biza bo`lmas yoziq,
Uzin bo`y bellari nozik.
O`n barmoqda tillo uzuk,
Qolg`in qizlar yubar mani.

Tovusdin bezab o`zini,
Bizdan ayirmas go`zzini.
Oshiq Maxmudning so`zini,
Qabul eting yubar mani.
(Yuboringlar qizlar mani).

         Maxmudjon so`zini tamom qilg`annan keyin, qizlar Maxmudjonni otini boshini qo`yib yubordilar. Maxmudjon yo`rg`asini qochirib getavardi. Bir necha zamonlar yo`l yurib, bir cho`la maydonni o`rtalab getavardi. Ul cho`la maydonnan ham chiqib, bir yurtni oyoqina doxil bo`ldi. Bir yo`lni urinnan borib, bir o`vbani ustinnan dush o`ldi. O`ylab go`rdiki, gal qambarjonni uyini bir so`rab getin. qambarjonni uyi shu erlara yaqin emasmi akan degan fikr bilan yo`ldan tashqari chiqib, qambarjonni uyini surishtirib so`rasa, qambarjonni uyi ham bir yo`l urina yaqinroq bir joyda adi. qambarjonni so`rab uyina borsa, go`rdiki, qambarjon kambag`al bir qashshoq yigit adi. Har gunda bir non uchun bir nonbayni tandirina o`t yoqib ovqat guzorliq etadovun adi. Bir singlisi bor adi, yugirib-yo`rtib akasini yonina bordi, ammo aka man sanga bir mehmon topib galdim. Sani bir ozoda yigit so`rab galdi, dadi. Sochinnan tutib dapalamaga qaradiki, zang`ar, mani o`zim har gunda bir non uchun bir nonboyni tandirina o`t yoqib ovqat guzaronliq etaman. San manga mehmon topib galdim dab aytasan, dadi. Do`kondor bir tushunikli yigit adi. U, xon o`g`il dadi. Sani yaxshi yu yomon, do`stu-dushman birov izlab galgan vaqtinda uni xabarini olishga tegishli bo`ladi. Ina bu guningga mehnat haqqingga bir nonni ol. Uni kim ekanligini bil. Bo`lmasdin bo`lsa, biz yona gatir, dab do`kondan chiqarib yubordi. qambarjon uyina galsa Maxmudjon degan bir otli, do`nli yigit uyinda o`tiribdi. qambarjon borib salomini barib, adabi-ikromi bilan so`rashqandan keyin, boqo-boqo qarasa, qambarjon ham bu yigitni o`z voqeasinda go`rganligi yodina tushib Maxmudjona qarab bir she’r aytar bo`ldi:

BILO-BILMADIM (qirq ming ilg`or)

Kel qardoshim sandin xabar olayin,
Sani kelganingni bilo-bilmadim.
Har balog`a o`zim qalqon bo`layin,
Og`a kelganingni bilo-bilmadim.

Yotardim tushimga kirib aranlar,
Holi ahvolingnan xabar berganlar,
Majlis qurib mayxonada yurganlar,
Inim kelganingni bilo-bilmadim.

Odim qambar fikru-zikrim yordadur,
Bu joylarda yolg`izlik befoydadur,
Maqsad-murod hammasi ham roydadur,
Jo`ram kelganingni bilo-bilmadim.

         Dab qambarjon so`zini tamom qilg`annan so`ng Maxmudjonnan yo`l bo`lsin so`radi.
         Maxmudjon aytdiki: san bizdan yo`l bo`lsin so`rasang, san biza darkor bo`lding, bizning bilan yurishing garak, deyanda, qambarjon o`zining ahvollarini Maxmudjona bir-bir bayon atdi. Maxmudjon muni turli tamonini ta’min atib, shu erda birovni boqtirib qo`yg`an yo`rg`asi bor adi, shu yo`rg`ani olib, naqtma-naqt savdo atib, pulini barib, u yo`rg`ag`a qur jig`a dallikni, baxmal qubbali egarni solib, jup ayilni berk atib tortib, qambarjonni sarpoylab, keyin o`zi bilan dangashtirib, yo`lg`a olib chiqdi. Bular yo`lg`a ravona bo`lib, galar akan katta bir yig`inni ustinnan dush bo`ldilar. Choy-chilim so`rab shu yig`ing`a bular ham aylandilar. qarasa bu erda qizu-juvon, eru-xotin, ulli yu –kichchi hamma hazinda, bazminda o`tirvadilar. Maxmudjon jo`shqinlig`i tutib, bularg`a Nigorxon Parizodni ta’riflab bir she’r aytadi:

BERMASMAN (Gulandom)

Go`zalxonni xalqqa ta’rif aylasam
Oning nozin yuz ming qizg`a bermasman.
Go`rgan oshiqlarni hayron aylasam,
Har bir nozin yuz ming qizg`a bermasman.

Boshdin oyog`ina tillo daqilg`an,
So`zlarina shirin-shakkar qotilg`on,
qo`llarina qizil xino yoqilg`on,
Ko`ksin oni do`lg`an oya barmasman.

Sallona-sallona o`tar yonimdan,
Go`zzi jallod parron tig`i jonimdan,
Bog`bon bo`lib gullar tersam bog`innan,
Siyo zulfin sarvi dola barmasman.

Go`zalim bor har go`zaldan nozlidur,
Man bilmanam qaysi bog`ning gulidur,
Shevasi jon olur qo`li sozlidur,
Bir gun chiqar tandin jong`a bermasman.

Oltin duyma tillo, kumush kamarli,
Dol bo`yinli oq yuzlari samarli,
Yuzi gulgun sochi shamsi qamarli,
Ko`ksin oni do`lg`an oya barmasman.

Maxmud aytar bugun arzin yazdona,
Bir g`azal aytibon qiza-juvona,
Oshiq bo`ldim go`zalxona g`oybona,
Go`zalxonni yuz ming qiza bermasman.
 

          Maxmudjon bu so`zni tamom qilg`annan keyin, ikkovlari shodlik bilan ot chopishib, yo`lg`a ravona bo`ldilar. Ko`p zamon yo`l yurib, bir necha zamon toy qilib boravardilarki, boravarsalar bularni oldina eshakli bir piyoda chiqdi. So`radilar, qani hoy jo`ra Lut degan shahar shu erga yaqinmi? Ular javob berdilar: bir tosh, chorak kam bir tosh chiqar, chiqmas yo`l. YAqin galdinggizlar, dadi. Maxmudjon qambarjon bilan ot chopishib yanqi shaharning qibla dorvazasinnan doxil bo`ldilar. Baxtga qarshi ular borsa bu shaharning bozor kuni adi. Bozorni qidirib u yoqqa chiqdilar, bu yoqqa chiqdilar, bozorni odamlari bularni donimadi, bular ham bozorni odamlarini taniy olmadilar. Keyin mehmonjoyi axtarib bir chorsuni oxirina so`vildilar. Borib bir do`konni oldina dush bo`ldilar. qarasa, do`konni oldi ham ovlaqroq, ichinda o`tirg`an kishi ham qarriroq, unga ham Ahmad baqqol deb od baradovun adilar. Maxmudjonlar tangri mehmoni dab otdan tushib, otlarini o`ralardan boylashtiravardilar. Ahmad boqqol ularni mehmonliqqa qabul qilib, do`konni to`rina o`tirib, oldina bir choynak choyni qo`yib, bozor guni bo`lg`onnan keyin do`konni oldina o`tib xaridor kutib o`tiravardi. Ahmad baqqol shuningdin savdokunan baqqol adiki, gunina uch shoyiliq savdo qilmas edi. Maxmudjonlar ham choy chilimnan yozilishib, qo`limizdaki hunarlarimiz bilan bul kishini oshno qilib o`tirmiymizmi, dab, dutorlarini yolong`ochlab, ikkovlari zilu-bom duzib, bir noma-kuy boshlab, bu kuyni oxirlab chiqqanchalli undan u galdi, mundan bu galdi kappa qurildi bo`lib getavardi. Yaxshidan sharofat, sal zamon durmasdan savdo ham ochilib getavardi. Tarozi-taroziga qoqilishib getavardi. Ahmad baqqol tarozi urib bergan odaminnan xotirasina tushsa pulini olib qoldi. Xotirasina tushmasa qiyshayib getavardi. Ahmad baqqol bozorni oxirina qarag`anda sotmaqqa xarid topib baravo`lmadi. Muning ta’rifi shu erning podshosina tushdi. Taqsir Ahmad baqqol degan ikki mahram saqlabdi. Ammo hech kimda savdo bo`lmadi. Bugun bozorni butun boyladi. Degandan, podsho bir hovoyli kishi adi, boring, Ahmad baqqolni bona olib galing dadi. Bu nima ish dadi. Podshoning odamlari galib Ahmad baqqolni qo`linnan, quloqinnan tutib podshoni oldina olib galdilar. Mansur degan podsho aytdiki, qani hov Ahmad baqqol bu nima saniki? Ahmad baqqol kambag`al kishi, podshoning odamlari yoqasinnan tutqan vaqtinda qo`rqib getkan adiki, podshoning savolina javob boravo`lmadi. Zang`ar nechun javob barmisan, butun bozorni boylabsan, sanga kim buyurdi, bizdan burun uningdin ikki mahram saqlamoqni, dadi. YOlg`on so`z bo`lg`annan keyin Ahmad baqqolni jonina so`l yugurib getti don, taqsir vo ajabo, buning o`zi bir bo`sha gap akanku. Bizning gechlikka yoqajaq chirog` yog`imiz bir qaro qayg`imiz. Bizningdin kishini haddinnan emas, bir kishini, ikki kishini saqlash, deyanda, nima uchun yolg`on so`zliysan, bozorni boylabsanku butun, sandan boshqada savdo bo`lmabdiku, dadi. Taqsir, biznikinda bozor guni tangri mehmoni bo`lib, ilohiydan kelgan mehmonlar bor. SHuni eshitgan bo`lmang, dadi. Podsho keyin yuvoshib, buyurdiki, boring olib galing biz ham bir marta go`rib, kim ekanligini bilib, sozinnan, so`zinnan eshitib qolaylik ularni, dadi. Ahmad baqqol dukonig`a galsa, mehmonlar xunuk bo`lib o`tirg`an adi. qani mehmon yigitlar xafa bo`lmang, sizlarni tariflaringgiz podshog`a tushgan ekan. Podshoni oldina borib go`rinmasanglar bo`lmas ekan, dadi. Maxmudjon aytdiki, ammo o`zimizni maqsadimiz ham podshoni oldina bormoq-da, diydi. Podshoni oldina bormasaq bizlarni ishimiz ham bitmiydi, dadi. Sabab dasanggiz, hali shu Nigorxon degan Parizod qiz podshoning qizi edi. Keyin Ahmad baqqol egartirib o`tavardiki, endigi so`zni Nigorxon Parizoddan eshiting: Nigorxon Parizod, Maxmudjonni g`oyibonasina giriftor bo`lib, yo`l qarab, gun sanab yurvadiki, qachon Maxmudjonni galar guni bo`lar ekan, duchor bo`larmanmi? Uchrasharmizmi ekan? dab. qizning ham uch yuz oltmish kanizi bor edi. Ularning orasinda ham ayyor kanizi bor edi. U qizning harakatidan sezib yurigan ediki, ko`rib bilmasa ham ta’rif qilaverdi: Ammo bivi otanggizni yonina ikki yigit galdi. Go`zzi uningdin, qoshi mungdin, u eri u yoli, deb ta’rif qilg`ondan keyin, qiz kaniza sir berdi. Ammo kaniz sir bo`lmasin oshkor dedi. Bizning Maxmudjon degan bir yorimiz bor edi. SHu bugun galgan bo`lmasin, dadi. Bor, asl liboslaringni giyib gal. Uchakma-uchak chiqib arzxona ustinnan qarab go`rali, dadi. Maxmudjonmi ekan, yo boshqa birovmi, ekan, dadi. Kaniz asl liboslarini giyib, go`zlarina surma chakib, yuzlarina gulob urib galdi. Nigorxon Parizod bilan kaniz etaklashib, uchakma-uchak borib, arzxonani ustinnan panjaraga yastanib, Nigorxon Parizod otasini oldini borlab go`rsa, o`zining sevikli yori Maxmudjon otasini oldinda savol-javob olishib o`tiribdi. qani endigi so`zni Ahmad baqqoldan eshiting: Ahmad baqqol mehmonlarni olib borgandan keyin, podsho bir chetdan o`rin barib, so`z so`rab o`tiravardi. qani mehmon yigitlar, qaerga borasizlar? qaerdan galasizlar? O`zlaring kim bo`lasizlar? Nima ish bilan yuribsizlar, dadi. Maxmudjonnan javob: taqsir, bizlarni asli naslimizni so`rasanggiz Ganjiqorabog` degan viloyatdan bo`lamiz. Ikki tenggi-tush, ahli dard bir vaqt topib, vaqtdan foydalanish uchun, go`rmagan erlarni go`rish uchun, bormog`on erlara borish uchun bir sayr qidirishma atib yuribmiz, dadi. Podsho aytdiki, qo`llaringgizda dutorlaringgiz bor, sozdan, so`zdan xabarlaringgiz bormi? dadi. Maxmudjon javob bardiki, taqsir oz-moz o`zimizni aldashtirg`idin xabarlarimiz bor, dadi. Bizlarni yurtimizda bir SHix ota degan baxshi o`tgan, shuni sozinnan, so`zinnan bilajaklaringgiz bormi? dadi podsho. Taqsir uni bilmasmizu o`zlarimizni biladigan yo`ldan yuborsanggiz, bir shingil aytib bersak bo`lar, dadi. Ahmad baqqol mehmon egasi bo`lg`annan keyin, mehmonlarni keyninda o`tirvadi, keyninnan galib Maxmudjonni qulog`ina shivirdadi. Ammo Maxmudjon, podsho bir gapni aytqan vaqtinda bilmiyman dab gapni keynina qaytaruvchi bo`lma. Agarda bir so`zni aytib oxirinda «SHix ota» dab qo`ysang bo`lg`ani shu, podsho na SHix otani go`ttina muhrini bosib qo`yibdi don donib oladimi uni, dadi. Bul so`zga Maxmudjon ilikib, taqsir, bir so`z qo`sha-qo`ltiqda qolg`an akan, undan ham bir oz-moz bilar ekanmiz, dadi. Nima bilsanggiz, bir xat bilsanggiz ham aytib baring. Ko`p vaqtdan buyon shunga mushtoq yotqanmiz, dadi. Maxmudjon nimalarni aytsam SHix otag`a mangzar ekan, dab xalqumini go`tarsa, yuqorida oq-oppoq, yupqa do`doq, bodom qaboq bir qiz bo`ynini cho`zib, Maxmudjonni go`zlab qarab durvadi. Maxmudjonni go`zzi Nigorxona tushgandan, podshoni buyurg`an so`zi Maxmudjonni esinnan chiqib o`ta getti sho`rinda. Og`zindaki aytajaq so`zini Nigorxona qarab do`g`irlab yubaravardi:

DO`G`RISI (Muxammasi baxshi I)

Ko`p jafo chekdim yo`lingda ey Nigorim do`g`risi.
San manga qilsang jafo ey jonajonim do`g`risi.
Gejalar maylar ichib kunduz xummoram do`g`risi.
San mangoa qilsang jafo ey jonajonim do`g`risi.
Man sanga mushtoqman ey jonajonim do`g`risi.

Gejalar maylar ichib, dol bo`yingga kuylak bichib,
Do`shak yotsam man quchib, ey sarvinozim do`g`risi.
Gejalar maylar ichib, dol bo`yingga kuylak bichib,
Do`shak yotsam man quchib, ey sarvinozim do`g`risi.
Man sanga mushtoqman ey jonajonim do`g`risi.

Oq yuzingda qora zulfing bulutqa mangzar emish,
Bo`libdurman gul yuzingnan beqarorim do`g`risi,
Shix atoyi xasta erkan galdim holin so`rmoqa,
Man sanga mushtoqman ey jonajonim do`g`risi.

          Maxmudjon bu so`zni aytib tamom qilg`annan keyin, podsho yuqori oshoqini tinglab go`rsa bir mashuqiy, shirin-shakkar so`z. Ammo, Ahmad baqqol bu mehmonlaringni tarifina so`z yo`q ekan. Ana xalos, barakallo, deb qo`yavardi. Mehmonlaring uzoq joylardan galgan akanlar, bugun ularni olib borib, yumshoq joyda yotqizib, qornini palovdan to`yg`izib, damini barib, olib kelsang, azon salqinda qaytadan ayttirib eshitavaradigan asl, fozil yigitlar akan bular, dadi. Ahmad baqqol ajab bo`lg`ay dab, mehmonlarni egartirib turdi. Endigi so`zni Nigorxon Parizoddan eshiting: Nigorxon Parizod kanizina buyurdi: SHu Ahmad baqqolnikiga etkizmasdan boqqa olib qayt, dadi. Ahmad baqqol degan bir kambag`al kishi. Unda yumshoq joy, palov nishiydi, dadi. Ildam kaniz tom boshinnan tushib, sokin bo`lib, yo`lg`a ravona bo`lib, Ahmad baqqolnikina etirmasdan, keyninnan borib, Maxmudjonni ushlab, arzi holini aytib, yaxshilab donishib Nigorxonni bog`ina olib qaytavardi. Nigorxon Parizod bular borinchalli ichkarida bir asl saroyi bor adi. g`olisini chiqarib do`shab, Maxmudjonni odina to`rda bir tillo kursini qo`yib, o`zi adanroqda bir tillo kursida o`tirib o`ylab go`rdi. Maxmudjon galgan vaqtinda man ochiq ravishda uning oldina chiqmayin. Maxmudjon mani go`rib, mannan royi qaytmasin, man etti qavat pardani ichinda sarasop bilan o`tirin dab, etti qavat pardani ichina girib, zulflarini ham oldina tashlab, oyoqlarini ham chalishtirib, qopig`a qarab o`tiravardi. Endigi so`zni kanizdan eshiting. Kaniz shu vaqti ergashtirib, Maxmudjonni olib bog`a girdi. Uch yuz oltmish kaniz saf tortib ularni qarshi oldi. Nigorxon Parizodda g`ibirdamoq, salomg`a alik olmoq bo`lmadi. Maxmudjon o`yladiki, bu lolmi ekan, gungmi ekan, man muni falon gunlik yo`ldan izlab galipman. qo`lima sozimni olib, deydirib bir she’r aytib barin, dab. Nigorxon Parizodg`a qarab aytqan she’ri:

NIGORIM (Shirvoniy II)

Uzoq yo`ldin sani izlab galmisham,
quloq solg`il arzi hola Nigorim.
Sani bundaliging taqiq bilmisham,
Bir tavoze’ qilg`il biza Nigorim.

Sayroniyday cho`l erlarda yuribman,
Danggi-dushim bilan davron suribman,
Shukur sani gul yuzingni go`ribman,
Q ulluqlar aylasam siza Nigorim.

Siyo zulflaringa beribsan oro,
Ishqing bilan telba ko`nglim ovvora,
Sen shohimsan men oshiqi bechora,
Bir nazar tashlag`il biza Nigorim.

Shukr etayin ko`zim tushdi yuzingga,
Mushtoq edim seni bosgan izinga,
Qurbon bo`lay shirin-shakar so`zinga,
Kalomlar so`zlagin biza Nigorim.

Qizil gul g`unchamsan, bog`cha bog`imsan.
Bog` ichinda bitgan olma-norimsan.
Oshiq Maxmud Nigorxon der yorimsan.
Tutmag`il yuzingga parda Nigorim.

          Maxmudjon so`zini tamom qilg`annan keyin Nigorxon Parizod erinnan turib, eddi qat pardani ichinnan chiqib, zulflarini oldina tashlab, ikki bukilib salom bardi. Keyin Maxmudjonni choy chilimnan yozilishtirib, aldinnan qirq turli taomlarni o`tirdi. Podsho aytqan adiki, Maxmudjonni ovqatlantirg`annan keyin, yumshoq joyda yotqizib, damini baring degan adi. qizning gun go`rmin, chang tushmin durg`an par do`shaklari bor edi. Odina «CHindixon» dab od barado`vun adilar. Turkman dilinda «Yo`rg`on» diydi. Eddi to`shakni qavati usti-ustina qo`yib, tivitli odyalni tashlab, juftdan takani qo`yib, Maxmudjonni ko`rpaga o`rab yotirdi. Maxmudjon yumshoq joy qaptalina deygannan uyqug`a moyil bo`lib getavardi. Nigorxon Parizod uxlamasdan dongni ottirdi. CHoy-chilimnan yozilishib o`tirdiki, Maxmudjon eridan turo bermadi. Maxmudjon bir mahallari go`zzini g`aflatdan ochib go`rsa, gun gunorta bo`lib peshina qarab og`ib boryotir edi. Podsho topshirg`an ediki, azon salqinda yaqin do`stlar bilan oldirib eshitamiz degan edi. Maxmudjonni bu so`zlar yodig`a tushib erinnan turib, narsa-qorasini giyib, yo`lg`a ravona bo`ldi. Nigorxon Parizod ikkovlari totolashib, dorvazani og`zina bordilar. Maxmudjon getmakka majbur bo`lg`onnan keyin Nigorxon Parizod Maxmudjong`a qarab aytqan she’ri:

KELIBSIZ (Ko`r qiz)

Uch yil bo`ldi Maxmud sani go`rgali,
Xush galding sevdigim safo galibsiz.
Oltin piyolada sharob bergali,
Xush galding sevdigim safo galibsiz.

Olti yildir bir gun rohat go`rmadim.
Danggi tushim bilan davron surmadim.
Ulug` to`ylar go`rib majlis qurmadim.
Xush galding sevdigim safo galibsiz.

Badanim duzanmay sayra chiqmadim.
Sayra chiqib qayrilib gulib boqmadim.
Oq siynama tillo duyma daqmadim.
Xush galding sevdigim safo galibsiz.

Siyo zulfim oq yuzima taraolmay.
Bahor bo`lsa gulu-lola teraolmay.
Uch yil bo`ldi maning holim so`raolmay.
Xush galding sevdigim safo galibsiz.

Xabarin olmading sunbul yuzimdin.
Bir gulib totmading shirish tilimdin.
G`am ema Nigorxon qolmas izingdin.
Xush galding sevdigim safo galibsiz.  

         Nigorxon Parizod bu so`zni aytib tamom qilib, qo`linda «Marhabo» degan bir ro`moli bor edi, uni Maxmudjona barib, Uni bog`dan chiqarib yuboravardi. Maxmudjon hovliqqan yigit, shu ro`molni olib kisasinda qo`yajaq vaqtinda, chinicha barmoqinda bir oltin yuzuki bor adi. SHu oltin yuzukning qoshina ro`molni bir yon qirog`i ilishib, osilib chiqib qolg`on edi. Ro`molni osiltirib Maxmudjon podshoni oldina borg`on edi. qambarjon degan Maxmudjonni yo`ldoshi Ahmad Baqqol bilan ertalab borib podshoni oldida o`tirgan ediki, bu zang`ar qaerda qoldi, podsho Maxmudjon qaerda deb so`rasa biz unga na deb javob berar ekanmiz degan fikir bilan o`tirg`an edi. Maxmudjon ham uning yonina borib o`tiraverdi, qaptalinda ro`molini osiltirib. qambarjonni go`zzi ro`mola tushgandan keyin ikkovlari anglamasdan aytishgan savol-javobli she’ri:

«OCHILDING» (Ilg`or I)

Qambarjon:  Xabar olg`in shirin do`stim,
                    Ochilding jo`ram ochilding.
                    Ro`moldadir mening qasdim,
                    Ochilding jo`ram ochilding
                    (Ochilding do`stim ochilding)

Maxmudjon: Kecha bordim yor qoshina,
                    Boshinda besh la’lisi bor.
                    Q alam qoshli xumor go`zli,
                    Mani jonim olasi bor.
                    (Nozli yorning nolasi bor)

Qambarjon:  Musofir joningni aya,
                    Xabaringni mandan so`ra.
                    U yon, bu yoningga qara,
                    Ochilding jo`ram ochilding
                    (Ochilding do`stim ochilding)

Maxmudjon: Kechalari so`z berishib,
                    Mast bo`lib kosa olishib,
                    Mast bo`lib kosa berishib,
                    Mani jonim olasi bor.
                    (Nozli yorning nolasi bor)

Qambarjon:  Nichik majlisda gazarsan,
                    Jafoni chakib duzarsan.
                    Podsho majlisin buzarsan,
                    Ochilding jo`ram ochilding
                    (Ochilding do`stim ochilding)

Maxmudjon: Yuzlarini xollari bor,
                    Lablarini bollari bor,
                    Nozli yorning ollari bor
                    Mani jonim olasi bor.
                    (Nozli yorning nolasi bor)

Qambarjon:  G`ubor keltirma yuzingga,
                    Ko`rsatma dushmon ko`ziga,
                    Tushungil qambar so`ziga,
                    Ochilding jo`ram ochilding
                    (Ochilding do`stim ochilding)


          So`zning boshdan oyoqina podsho quloq solib tursa, «Ochilding-yopilding» degan botiniqli so`z. YOnidagi suhbatddon kishilarga murojaat qildiki, birodarlar bularning so`zina tushunishganing bormi? Birovi ochilding diydi. Birovi yopilding diydi bu so`z nimalardan iborat? Deyanda bular bormas burun podshoning qirq nafar sozanda yigitlari bor edi. Podshoni otini minib, do`nini giyib, pulini o`ynab yurgan yolliqdor yigitlarinnan. SHularni ichinnan birovi chiqdidon, taqsir, bularni so`zina tushunishmadingizmi? Dadi. Yo`q, tushunmadik. Unda bilgan erimizni aytib bildirsak bo`lmasmi ekan, deganda, aytsang ham ziyoni bo`lmas, so`zni iboratini anglayish ham qiyin bo`ladi, dadi. Ol alasa Maxmudjon degan o`g`lon oqshom qizingizni yonina borg`an. Ul qizinggiz munga «Marhabo» degan ro`molini bergan. SHul ro`mol Maxmudjonni kissasinnan chiqib turibdi. qambarjonni so`zini maqsadi shul ro`molni yashirtirishda. Undan bexabar Maxmudjon uning savolina javob berib o`tiribdi, taqsir. Ochilding-yopilding degan so`zni ma’nosi budur, dadi.
          Nigorxon Parizod bergan ro`molini qarasa, Maxmudjonni kissasinnan osilib chiqib turibdi. Podsho darg`azab bo`ldidon, bular bu shaharni biza harom etkan ekan. Ikkalasini ham olib borib bog`ni to`rina o`tkazib anjirni tagina go`ming, gapi maydong`a chiqmasin, dadi. Podshoning suhbatinda aqilli, rioyako`m yigitlardan vazirlari bor edi. Ichinnan birovi turdidan, taqsir to`xtang, shu boryotirg`on yo`linggizdan qayting. So`zning avvalini olib so`zlasak, Bu ikki yigitni o`ldirib yurtni buzishga harakat qilmang taqsir, qayting shu boryotirg`on yo`linggizdan, dadi. Ahmad Baqqolni nima gunohi bor edi dongdirib oldirdinggiz uni, dadi. SHul yigitlarni ta’rifina binoan Ahmad Baqqolni dongdirib oldirdinggiz, unda hech gunoh yo`q edi, dadi. Agarda bularning ta’rifi Sizga nichik bo`lib tushdi, er jahonda durmadi. Bularning ta’rifi qizning xoxishina tushgan bo`lsa, olib borib ayttirg`an bo`lsa, bayraqina bir ro`mol baraqo`yg`ondi-don, dadi. SHuning uchun ham ikki yigitni o`ldirib yurtni buzishga harakat qilmang taqsir, dadi. Hamma biladiki, Nigorxonni ro`moli, go`rib o`tiribdi, dadi. SHu vaqtinda podsho aytdiki, muning boshqa so`zlari ham bor, dadi. Ammo shu Nigorxonning ro`moli bo`lsa, hamma bilar ekan, qabul qildiq. San qizni qo`ynina girdingmi yoki yo`q, bu so`zingni ham qabul qilarmi ekanlar, dadi. YOnqi chug`ullar avvalgi so`zlarini ham topib so`zlay bilmadilar. SHu vaqtinda vazir yana turib so`z oldi, taqsir aytmadimmi sizga, dadi. Mungga o`xshagan kishilar yana suhbatinggizda ikkinchi martaba bo`lsa, shunday yomon so`zlarni yana topib chiqadi bu, dadi. Vazirni so`zina ishonib, podsho aytdiki, unda bizni otimizni minib, do`nimizni giyib, pulimizni o`ynab yurgan yigitlarni so`zi shu bo`lodovun bo`lsa, mollarini podsholiq hisobina olib, o`zlarini yurtdan chiqarib, quvlab yubaring, getsin bular, dadi. Maxmudjonlarga ham buyurdiki, bugungi suhbatimizda haz-ho`zir buyurmadi. Otlaringgizni egarlab galing. Bugun bir quma chiqib ov ovlab, kiyik quvlab ko`ngilni ko`tarib galamiz, dadi. Maxmudjonlar otlarini egarlab galdilar. Podsho ularni mahramlarina qo`shib, shikora olib chiqib getavardi. Borar ekan Maxmudjonni otini oyoqi bir o`ya girimlab getti va Maxmudjon otdan behush bo`lib yiqildi. Podsho buyurdiki, Maxmudjon bu yurishlara bo`lmas ekan. Olib borib qal’ada qo`yib qayting, dadi. qambarjon Maxmudjonni qal’ani darvozasinnan girgizib keynina qarab qaytdi. Maxmudjon shahar ichina girib, qal’ani ichinnan galyotir adiki, endigi so`zni chug`ullardan eshiting: Ular maydong`a chiqib o`ylab go`rdilar. Ikki bola galib qirq xo`jaliqni tugatib yuboravaradimi? Boshqattdan muni bir ilojini go`rali, dab. Devona giyimlarini giyib, qo`llarina tayoqlarini olib, shaharni gazib yurvadilar. Maxmudjon shu galishinda ularni qo`lina tushib duravardi. Maxmudjonni otdan tortib olavarib durib, o`lmakdan bari atib urib, daryo ham yaqin edi. Olib borib daryog`a tashlab yuboravardilar, o`li tirigi ham ma’lum bo`lmasin, dab. Kanizlar muni go`rib, borib Nigorxon Parizoda murojaat qildilar. Ammo Bivi, uch banggi-qalandar Maxmudjonni o`lmasdan bari atib urib, olib borib daryog`a tashladi, dadi. Nigorxon buyurdiki, mani shu daryoni bo`yina olib boringlar, dadi. Kanizlar egartib daryoni bo`yina olib bordilar. Nigorxon Parizod daryoni bo`yina borib, beyikroq joyg`a chiqib, yuqori-oshoqni go`rib dursa, Maxmudjon girdobda chumib-chiqib oqib galyotir edi. Maxmudjon Nigorxonni to`g`risina galib girdobda aylang`an vaqtda, Maxmudjonni go`zzi Nigorxona tushdi. Nigorxonni go`zzi Maxmudjona tushib, biri daryoni ichinda, biri daryoni qirg`og`inda, bir-birina qarab savolli-javobli aytishqan she’ri:

SANDAN BO`LDI (Shirvoniy II)

Maxmudjon: G`anim tutdi maning qo`lim,
                    Endi manga sannan bo`ldi.
                    Hozir galdi go`rdim o`lim,
                    Inda manga sannan bo`ldi.

Nigorxon:     Qurboning bo`layin yorim,
                    Man bilurman mannan bo`ldi.
                    Maxmud mani intizorim,
                    Man bilurman mannan bo`ldi.

Maxmudjon: Ollo mani hayron etdi,
                    Suv yuzinda sayron etdi.
                    Bir «Marhabo» vayron etdi,
                    Endi manga sannan bo`ldi.

Nigorxon:     Maxmudjon girdobda qoldi.
                    Shahlo go`zzim oni go`rdi.
                    Ma’lum bo`lib bo`yin sundi.
                    Man bilurman mannan bo`ldi.

Maxmudjon: Maxmud aytur gal getali.
                    Haqning amrini tutali.
                    Bu mehnatga shukr etali.
                    Ajal paymonamiz do`ldi.

Nigorxon:     Bul so`zimda yolg`on bo`lmas.
                    Ajal etmay kishi o`lmas.
                    Nigorxon ham sendan tonmas
                    Man bilurman mannan bo`ldi.

          Nigorxon Parizod so`zini tamom qilg`annan keyin, man sannan qolib na bo`laman dab, qanot qoqib, parvoz etib Maxmudjonni ustina daryog`a qarab otdi o`zini. Ikkovi ham suv yuzinda qujoqlashib oqib badar gettilar.
          Podsho nomozgar, nomozshomda shikorni so`vib qal’ag`a qaytdi. qambarjon oldinroq qal’aga girib go`rsa, kanizlar yig`lashib durib edi. Savol qildiki, qani nima uchun yig`liysizlar? Kanizlar voqeani bayon etdi: Uch banggi-qalandar Maxmudjonni urib o`lmasdan bari atib, olib borib daryog`a tashladi. Nigorxon Parizod ham buni eshitib, o`zini daryog`a tashlab, ikkovlari oqib badar ketdi, dadi. qambarjon shularni tashlag`an erina mani ham olib boringlar dab, ularg`a murojaat qildi. qambarjonni egartirib, daryoni bo`yina olib galdilar. Maxmudjonlar uchun qambarjon daryo bilan davolashib, daryog`a qarab bir she’r aytadi:

NAYLADING (qirq ming ilg`or)

G`ofil edim galdim endi bu joyg`a,
Qonxo`r daryo qardoshimni naylading?
Yilim tug`di gunim gechar har oyg`a,
Qonxo`r daryo qardoshimni naylading?

Do`stim tomoshosin durib go`rmadim.
Gavharimni qimmatbaho sotmadim.
Pirimni amrini mahkam tutmadim
Qonxo`r daryo qardoshimni naylading?

G`animlar to`sdimi sani yo`lingni?
Sani boyladimi nozik qo`lingni ?
Kalimaga keltirdimi tilingni?
Qonxo`r daryo qardoshimni naylading?

Yo`loshinnan ayrilibon qolibdur
Qizil yuzi zafarondek so`lubdur
Go`ring do`stlar go`yo qambar o`libdur
Qonxo`r daryo qardoshimni naylading?

          Qambarjon so`zini tamom qilib, keynina qaytib ot choptirib shahar ichina girdilar. Ahmad Baqqolni yonina bordilar. U aytdiki, qani qambarjon sani qoning qoralib, yuzing soralibdi. Sanga na bo`ldi, dadi. Ammo bobo uch banggi-qalandar Maxmudjonni o`lmasdan bari atib urib, daryog`a tashlabdi. Nigorxon ham eshitib, o`zini daryog`a tashlab, oqib badar ketibdilar, dadi. Ahmad Baqqol mehmon egasi bo`lg`ondan keyin, uni o`li-tirigini topish kerak deyib, daryoni bo`yina chiqib, uni yoqalab, gamachi, baliqchi, qayiqchilardan so`roqlab aytib durg`an so`zi:

GO`RGAN BORMI (Sho ko`chdi o`zbekcha)

Ey yoronlar musulmonlar
Maxmudjonnan go`rgan bormi?
Bilar bilmas nobakorlar
Erkaxonnan go`rgan bormi?

Yig`lab qoldi onda ellar,
Xazon urib so`ldi gullar,
Sahar vaqti esgan ellar,
Maxmudjonnan go`rgan bormi?

Dushmonlar malomat doqib
Qaxbo falak bag`rim yoqib,
Ikki o`lik getti oqib,
Ikkisinnan go`rgan bormi?

Qambar aytur bu na so`zdur,
Qahrabodek so`lg`an yuzdur,
Biri o`g`il, biri qizdur,
Ikkisinnan go`rgan bormu

          Dab so`zini tamomo etgandan so`ng. Hech go`rdim bildim degan kishi bo`lmadi. Daryoni bo`yinda yurgan bolalar bor edi ki, ular aytdilar. Ammo birodarlar, ko`p vaqtdan buyon daryo bo`yini qarab yuribsizlar. Agar topmagan bo`lsanggizlar Bibixon deganni hovuzini qulog`i daryoni soqosi, shungga urib getkan bo`lmasin shuni bir borlab geting, dadi. qambarjonlar Bibixonni hovuzini soqosini yoqolab uning bog`ina girdilar. Bibixon erinnan turib, choy-chilimnan yozilishib o`tirg`an vaxtinda, to`qitqag`a ikki o`lik galib diqilg`an edi. Ularni olib gulzorning o`rtasinda qo`ydirg`an edi. SHu erning o`tinda suvinda bir kaniz yurvadi, bular borib shunnan so`radilar. Bizlarni daryog`a tushib getkan bir yigitimiz bor edi. SHuni daryodan topmadiq degan vaxtinda, juvob berdiki, Bibixon daryodan oqib galgan ikki o`likni tutib olib gullarni o`rtasinda tarbiyalab qo`yibdi, dadi. qambarjon girib go`rsa, Maxmudjon bilan Nigorxon sochini bir quloch qilib sharpildab yotibdi. qambarjon bularni ustinda durib zori-giryon bilan bir she’r aytadi:

TUR ERINGDAN (Sho ko`chdi turkmancha)

Yoturmishsan go`zzing suzib,
Maxmudjonim tur eringdan.
Yoturmishsan malum bo`lib,
Erkaxonim tur eringdan.

Man yuribman ellar gazib,
Ayroliqqa bag`rim duzib,
Dardim mustar go`zzing suzib,
Maxmudjonim tur eringdan
Erkaxonim tur eringdan.

Siyo zulfingizni yoyib,
Dog`lar bilan dilim o`yib,
Dardim mustar ma’lun bo`lib,
Maxmudjonim tur eringdan
Erkaxonim tur eringdan.

Eto bilmadim yoningga,
Giribsan ajal do`nina,
O`t solding qambar jonina,
Maxmudjonim tur eringdan
Erkaxonim tur eringdan.

          O`t solding qambar jonina deb, qambarjon bir ohu-fig`onu, nola qildi, eru-ko`k larzaga keldi. Ahmad Baqqol, suvga cho`kkan kishilarni qaraydig`an hakimlar bor edi. SHularni axtarib chiqib getti. Hakimlarni olib galib bularni qaratib boqtirdilar. Maxmudjon bilan Nigorxon Parizodni hakimlar qarab, bularni yutqan suvlarini qaytarib bo`lg`onlarinnan keyin, ikkovlari aksirib-aksirib yuzlarini siypalab, erinnan turdilar. Keyin Maxmudjon bilan Nigorxon daryog`a tushib o`lib, Bibixon deganni bog`innan chiqib dirilibdi, degan so`z jahon olama ovoza bo`lib getti. Bu xabar Mansur degan podshoni quloqina etti. Podsho aytdiki, yo`g`e, o`lik ham tiriladimi, dadi. Tirilar ekan deb ishontirg`annan keyin, rioyako`m vazirlarini yonina olib podsho shu bog`a galdi. qarasa eshitgan so`zlarining bari do`g`ri. Dono rioyako`m vazirlar bularning tortqan riyozatlarini e’tibora olib ularning bir-birlarina etganliklarini bilib, uch kun to`yu-tomosha qilib, Nigorxon Parizodni Maxmudjona bergan ekanliklarining ta’rif va tajoyiflari shundan iborat. Tamom

 
© Husniddin ATO,2003-2005